17:50 / 12.11.2017
65352

Chortoq tumani hokimiga chorvachilik begona sohami?

Kun.uz tahririyatimizga mamlakatimizda katta e'tibor berilayotgan sohaga bog‘liq yana bir arz kelib tushdi.

O‘zbekistonda chorvachilik izchil rivojlanib, kengayib bormoqda. Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari va aholining bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilib, mazkur sohada islohotlarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Foto: Kun.uz

Biroq, Namangan viloyat, Chortoq tumanida faoliyat yuritayotgan “Sherzod nasldor chorvador” chorvachilik fermer xo‘jaligiga bo‘layotgan e'tiborni ko‘rib, tuman hokimligining naslchilik, aholini sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta'minlashga ayri ko‘z bilan qarayotganini guvoh bo‘ldik.

Yosh va g‘ayratli fermer Sherzodbek Kamalov 2014 yili chorvachilik fermer xo‘jaligi tashkil etgach, “Namangan nasl servis” jamiyatidan Avstriyaning “Simmental” zotiga mansub 32 bosh qoramolni sotib olib, boqishni boshlagan.

Qoramol boqish haqidagi maqolaga jimjimador so‘zlar yarashmaydi. Mol boqish juda-juda zahmatli ish. Biroq, sifatli yem-xashak, ozuqa bo‘lmasa, daromad va qoramollar tuyog‘ini ko‘paytirish amrimahol. Fermer xo‘jaligining bor muammosi ham shunda. O‘tgan uch yil davomida xo‘jalik qoramollar sonini 150 boshga yetkazdi. Shundan 60 bosh naslli buzoq tumandagi chorvadorlarga sotildi. 30 tonnadan ziyod sut Chortoqdagi sutni qayta ishlovchi tadbirkorlarga yetkazib berilgan. Ijobiy natija to‘g‘rimi? Lekin, 27 yoshli fermerning aytishicha, agar yetarli sharoit bo‘lganida bundan ikki-uch barobar ziyod samaraga erishish mumkin edi.

Foto: Kun.uz

Yurtimizda belgilangan hujjatlariga asosan chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarga har bir bosh qoramol uchun 30 sotix ozuqa yetishtirishga ekin maydoni beriladi. Sherzodbek Kamalov boshchiligidagi chorvachilik fermer xo‘jaligi tasarrufida 2013 yildan shu paytgacha 26 gektar yer bo‘lgan. Chorvador bu yerda g‘alla parvarishlagan va takroriy ekin sifatida qoramollarga ozuqa uchun makkajo‘xori ekkan.

2017 yilda xo‘jalik g‘alla rejasini 120 foizga bajargan. G‘alla o‘rimidan so‘ng esa mashmasha boshlandi. Kamalovning bildirishicha, tuman hokimligi iyul oyida ekilmagan paxta uchun 24 tonna paxta hosiliga majburiy shartnoma qildirgan. Oradan uch kun o‘tib esa tuman sessiyasida mavjud 26 gektar yerni xo‘jalikdan to‘laligicha olib qo‘yish haqida qaror chiqarilibdi.

Foto: Kun.uz

Endigina 27 yoshga kirgan tadbirkor, shijoatli fermer turli mutasaddi tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilgani foyda bermadi. Virtual qabulxonaga qilingan murojaatlari esa o‘ziga qarshi qo‘llandi. Endi tuman mutasaddilari unga: “Qayerga yozsang ham o‘zimizga qaytib keladi. Xohlagan yeringga yoz!” deb javob qaytara boshladilar. Tuman prokurori Ravshan Abdullayev esa: “Chorvangni boshqa tumanda boq. Bo‘lmasa sotib yubor. Arz qilsang, ustingdan ish qo‘zg‘ayman” deb majlisda dag‘dag‘a ham qilibdi.

Sherzodbek Kamalovning Kun.uz nashriga murojaatidan so‘ng Chortoq tumaniga yo‘l oldik. Shahar chetidagi chorvachilik fermasida bo‘lganimizda uning naslli qoramollarini ko‘rib, to‘g‘risi havasimiz keldi. Fermada ish shu kun talabida yo‘lga qo‘yilgan. 60 bosh naslli qoramollar haqiqatda ko‘ngildagidek parvarish qilinmoqda. Etdor va yelini sutga to‘la. 30dan ziyod buzoqchalar ham durkun. Chorvachilikka mehr qo‘ygan fermer tuyoqlarini och qoldirmaslik uchun ekin uchun yeri bo‘lmasa ham yem-xashakni qarzga olib boqmoqda.

Foto: Kun.uz

Fermerga: “Tuman hokimi yoki boshqa mutasaddilar kelib, hech sharoitingiz bilan tanishganmi?” deb savol beraman. “Yo‘q”. Ana sizga jamiyat uchun zarur bo‘lgan sohaga e'tibor!

Viloyat hokimligi orqali Chortoq tuman hokimi Oybek Haydarovga qo‘ng‘iroq qilib, muammolarga javob izlaymiz. Tuman hokimining savollarimga nomigagina javob berayotgani taajjubga soldi.

“Tuman hokimi sifatida nega naslli chorva bilan shug‘ullanayotgan fermerga yordam berish o‘rniga yerini olib qo‘ymoqchisizlar?” degan murojaatimga berilgan javob juda hayron qoldirdi. “Fermerni narusheniyasi ko‘p. Metallolomga, ko‘chaga gul ekishga sovuqqonlik bilan qaraydi” deydi tuman hokimi. - “Unga berilgan yerning banitet narxi yuqori, agar hohlasa adirliklar atrofidan yer beramiz” deganidan so‘ng Oybek Haydarov bilan suhbatni qisqa qildik.

“Muxbir aka, metallolom va boshqa barcha topshiriqlarni doim vaqtida bajarganman”, deydi fermer.  Men chorvadorning gapiga ishondim. Aslida, umuman chorvachilikka begona bo‘lgan topshiriqlarni bajarmagan fermerni “narusheniyachi” deb yerini olib qo‘yish qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelar ekan, deya o‘ylandik, xolos.

Foto: Kun.uz

Namangan viloyat naslchilik inspeksiyasi rahbari Ma'rufjon Boboxo‘jayev bilan bog‘landik. “Sherzod nasldor chorvador” xo‘jaligidagi muammolardan xabarim bor. Shu fermer yigit haqiqatda qiyin holatda mollarni boqyapti. Tuman hokimligi yer berishi kerak” deydi mutasaddi. Namangan viloyatida mavjud naslchilik fermer xo‘jaliklaridagi holat haqida savolimga esa: “Hozir Mingbuloq tumanida paxtadamiz. Keyinroq o‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilaman” deya xayr-ma'zurni nasiya qildi.

Sherzodbek Kamalovning aytishicha, unga qarashli bo‘lgan yer maydoni ayni paytda tenderga qo‘yilibdi. Tavba.. Nima endi fermer naslli chorva mollarini sotib yuborishi kerakmi? Tuman hokimining: “Agar so‘rasa, adir hududidan yer beraman” degan xulosasiga Namangan viloyatining keksa, tajribali chorvadori: “Adirlik hududidan chorvaga ozuqa uchun yer berish aqlga sig‘maydigan holat. O‘ylab ko‘ring, suv chiqmaydigan, oriq yerda sifatli ozuqa yetishtirib bo‘ladimi? 26 gektar yer paxtaga zarur bo‘lsa, chorvachilik begona sohami?” degan gapni aytdi.

Foto: Kun.uz

“Sherzod nasldor chorvador” fermer xo‘jaligi muammolari bo‘yicha Namangan viloyat hokimligiga murojaat qilganimizda, mavjud kamchiliklar 15 kun davomida ijobiy hal qilinishini aytishdi. Ishqilib, shunday bo‘lsin.

Kundan-kunga narxi ko‘tarilayotgan go‘sht va sut mahsulotlarini aholiga yetarli bo‘lishining tag zamirida chorvachilikka bo‘lgan e'tibor yotishi aniq.

Hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish yuzasidan ko‘plab hujjatlar imzolanib, ushbu sohaga katta e'tibor va imtiyozlar berilayapti. Lekin, xalqimizda “Qaror - ijrosi bilan go‘zal” degan naql bor. Joylardagi mutasaddilar ko‘zlarini kattaroq ochsalar bo‘lar edi.

Namangan viloyatida 61ta naslchilik fermer xo‘jaliklari ish olib boradi. Biz imkon qadar barcha xo‘jaliklardagi holatni ham o‘rganib chiqishni reja qildik.

Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov

Top