10:24 / 17.11.2017
19429

Taniqli iqtisodchi insoniyat uchun eng asosiy ikki xavfni ma'lum qildi

Foto: Reuters

Amerikalik taniqli iqtisodchi, faylasuf va «Qora oqqush» bestselleri muallifi Nassim Tolib insoniyat uchun ikki eng asosiy xavfni ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RBK, Uning so‘zlariga ko‘ra, bu – epidemiyalar va neoluddizm.

Nassim Tolibning aytishicha, yaqin kelajakda «haqiqiy, «qaynoq» jahon urushi» boshlanmaydi, sababi yirik davlatlar urushni emas, balki savdoni ma'qul ko‘rishmoqda. Agar ular yirik mojarolarda ishtirok etishayotgan bo‘lsa ham, odatda, urushlarni uchinchi tomon qo‘li bilan olib borishmoqda.

Faylasuf boshqa, e'tiborga olinmayotgan tahdidlarni ko‘rmoqda. Birinchi navbatda, bu yangi epidemiyalar xavfi. «OAV bu xavfga yetarli baho bermayapti hamda bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshib borayotgani, viruslarning yangi turlari paydo bo‘layotgani haqidagi ilmiy maqolalarga e'tibor qaratayotgani yo‘q. Bunday beparvolik epidemiyalarni yangi «qora oqqushlar» uchun nomzodlarga aylantirmoqda», - deya ma'lum qildi Nassim Tolib.

Ikkinchi xavf – bu neoluddizm. «Taraqqiyot kishilarga kerakli bo‘lgan narsalarni bermayapti, hamda ko‘plar ultrakonservatorlarga aylanib, ilm-fan va ijtimoiy islohotlar bilan kurashishni boshlamoqda», - deya aniqlik kiritgan Tolib.

Iqtisodchining fikricha, qo‘ldan chiqarish kerak bo‘lmagan eng yaxshi imkoniyat markazlashishga qarshi siyosiy harakatlarning oshib borishi. U Kataloniyada hozir kuzatilayotgan hodisalarni bunga misol qilib keltiradi. «Biz kishilarning davlat tomonidan zo‘rlab o‘tkazilmagan, o‘z fikrlarini erkin bildirishga harakatlarini ko‘rmoqdamiz. Bunday harakatlar ko‘proq kerak, sababi u markazlashmagan tizimga, ma'muriy tuzilmaning turli variantlari va odamlarning o‘ziga qulay bo‘lgan holatni tanlashiga olib keladi», - deydi Tolib.

 

Top