11:10 / 07.12.2017
15844

AQShda Trampning impichmenti bo‘yicha ilk bor ovoz berildi

Foto: Reuters

AQSh kongressining quyi palatasi AQSh prezidenti Donald Trampning impichmenti bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ma'qullamadi. Bu Tramp bo‘yicha ovozga qo‘yilgan ilk shunday qonun loyihasi bo‘ldi. Rezolyutsiyaning qabul qilinishiga 364 kongressmen qarshi chiqdi, 58 nafari esa ma'qulladi. 

Hujjat Texas shtatidan demokrat El Grin tomondan ovoz berishga olib chiqilgan. Rezolyutsiyada Trampga 5 band bo‘yicha, jumladan, FQB direktori Jyeyms Komini ishdan bo‘shatish ayblovi qo‘yilgan. Bu band bo‘yicha ayblov Tramp tomondan xizmat lavozimining suiste'mol qilinishi sifatida baholanmoqda. 

Grinning partiyadoshlari ham bunday keskin qadamni qo‘llab-quvvatlashmadi. Demokratlarning quyi palatadagi yetakchisi Nensi Pelosining aytishicha, “Trampning mamlakatni boshqarishga qodirligi masalasi obektiv bo‘lsa-da, hozir bu hujjatni ko‘rish vaqti emas”. Ko‘pchilik kongressmenlar Tramp jamoasi a'zolarining Rossiya bilan aloqalari va Rossiyaning AQShdagi saylovoldi kampaniyasiga aralashuvi bo‘yicha tergov natijalarini kutishni taklif qilishmoqda.

Impichment davlatga xiyonat qilish, poraxo‘rlik yoki boshqa og‘ir jinoyatlar va qonunbuzarliklarda ayblangan AQSh federal xizmatchilari, jumladan prezidentni javobgarlikka tortishni ko‘zda tutadi. Impichment e'lon qilish huquqi kongressning quyi palatasiga tegishli, sud yig‘ilishlari esa yuqori palata - senatda AQSh oliy sudi sudyasi raisligida o‘tadi. Mansabdor shaxsni o‘z lavozimidan bo‘shatish uchun ayblov senatorlarning uchdan ikki qismi tomondan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. 

AQShda prezidentlarning impichmenti jarayoni uch marta amalga oshirilgan. 1868 yilda prezident Endryu Jonson harbiy vazirni noqonuniy bo‘shatganlikda ayblangan. 1998-1999 yillarda Bill Klinton yolg‘on guvohlik berish va qonunga qarshilik ko‘rsatishda ayblangan. Ularning ikkisi ham senat tomondan oqlangan.

1969-1974 yillarda Oq uyni boshqargan Richard Nikson esa senatdagi jarayongacha o‘zi iste'foga ketgan. 

Top