22:58 / 06.01.2018
72425

Xitoylik millioner-farrosh

Foto: Sixth Tone

Xitoyning Chuntsin shahrida yashovchi millioner Chjun Tsunjun 3 yildan beri har kuni ko‘chalarni chiqindilardan tozalash bilan shug‘ullanib keladi: u o‘z misolida atrof-muhit haqida qayg‘urish muhimligini ko‘rsatmoqchi. Bu haqda Sixth Tone xabar bermoqda. 

Tsunjun har kuni chiqindilarni yig‘ish uchun qisqichlar bilan uyi oldidagi ko‘chaga chiqib, u yerni chiqindilardan tozalaydi. 51 yoshli xitoylik shu antiqa “xobbisi” sababli “millioner-farrosh” nomini ham olgan. Tsunjunning asosiy faoliyati esa ko‘chmas-mulk, ishlab chiqarish va avtomobil sotish bilan bog‘liq.

Boy erkakning bu odati odamlar e'tiborini jalb qildi: ko‘pchilik uning samimiyligiga shubha qilib, uni o‘zini piar qilishda ayblagan. Biroq erkakning aytishicha, uning niyatlari xolis va odamlarni ularning boyligi bilan baholash kerak emas.

“Ko‘chani ifloslantirishimiz bilimimiz, yoshimiz, kelib chiqishimiz va ijtimoiy-iqtisodiy mavqeimizga bog‘liq emas”, deb aytgan tadbirkor.

Millionerni bunday yo‘l tutishga Tsinxua universiteti professori ilhomlantirgan. U professorni 2015 yilda Xaynan orolida dam olganda uchratgan. Pensiyada bo‘lgan professor 4 yildan beri plyajdagi chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullangan. Bundan ilhomlangan Tsunjun ta'tildan qaytgach, hovlisini tozalay boshlagan. 

Erkak o‘z qo‘l ostidagilarni ham undan o‘rnak olishga chaqiradi. Agar uning korxonalaridagi xodimlar atrof-muhitni ifloslantirsalar, 10 yuan (1,5 dollar) bilan jazolanadilar. Tadbirkorning aytishicha, chiqindilar muammosini bir lahzada hal qilishning imkoni yo‘q, buning uchun jiddiy choralar zarur.

“Xitoyga odamlar atrof-muhitni ifloslantirmasliklari uchun qattiqqo‘l qonunlar zarur. Xitoyliklar sharmanda bo‘lishdan qo‘rqadilar. Ular jarimaga tortilishdan ko‘ra sharmanda bo‘lishdan ko‘proq tashvishlanadilar”, deb aytmoqda millioner.

Chjunning rafiqasi va farzandlari dastlab uning bu odatidan uyalib yurishgan. Ular hattoki u bilan birga omma oldida ko‘rinishdan bosh tortganlar. Biroq ular o‘zlari yashaydigan hudud tozaroq ko‘rinishga kelib, qo‘shnilar Chjunni maqtay boshlaganlaridan keyin fikrlarini o‘zgartirganlar. Hozirda Chjunning rafiqasi ham unga ko‘chalarni tozalashda yordam beradi.

“Odamlar o‘zini tutishni o‘zgartirmaguncha, ko‘chalar ularni qancha odam tozalamasin, iflos bo‘lib qolaveradi. Yagona yechim – odamlarga atrof-muhitni ifloslantirishning salbiy oqibatlari haqida so‘zlab va ular bundan xulosa chiqarib, o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishlariga umid qilishdir”, deb aytmoqda millioner-farrosh.

Mavzuga oid
Top