14:30 / 14.01.2018
111595

«Telekanal rahbari qayoqqa qarayapti?» - Kelin qaynotani shilqimlikda ayblashi ekranga olib chiqilishi tanqid qilindi

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron «O‘zbekiston» telekanalining «Uchburchak» ko‘rsatuvi hamda uning boshlovchilari Nozima Vohidova hamda Nilufar Umrzoqovani keskin tanqid qildi.

«Uchburchak» tok-shousining 2017 yilning 23 dekabr sonida Muxlisa ismli kelin chiqish qilib, unga qaynotasi sevgi izhor qilgani, buning ortidan oilasi buzilib ketayotgani haqida ma'lum qilgan edi. Ko‘rsatuvning 6 yanvar sonida kelini tomonidan shilqimlikda ayblangan qaynota va uning ayoli chiqish qilib, kelinning so‘zlarini rad etdi.

«Qaynotam shahvat bilan qaradi...», «Birovning xotinini sevaman...»: Insoniyat karantinga muhtoj

Mazkur ko‘rsatuv haqida O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Feysbukdagi sahifasi orqali o‘z munosabatini bildirar ekan, boshlovchilarni «farosatsizlik»da ayblagan:

«O‘zbekiston» telekanalida namoyish etiladigan «Uchburchak» teleloyihasining so‘nggi ko‘rsatuvlarida avjiga chiqa boshlagan uyatsizlikka chidab bo‘lmaydi. Ko‘rsatuv mualliflari Nozima Vohidova bilan Nilufar Umrzoqovani (saviyasiniyam, darajasiniyam) yaxshi bilaman, har qalay ular 20 yil davomida TVda ishlagan yillarim ko‘z o‘ngimda bo‘lishgan. Bu o‘rinda men bu ikkisidan ko‘ra, eng avvalo, «O‘zbekiston» telekanali rahbari qayoqqa qarayapti, degan savolni beraman.

Qolaversa, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining rahbarlari Prezidentga yoqaman deb, erta-yu kech «O‘zbekiston–24» kanali bilan shug‘ullanavermay, boshqa telekanallarga ham hech bo‘lmaganda «mo‘ralab» tursalar yaxshi bo‘lardi», deyiladi postda.

Shoir fikrini davom ettirar ekan, bunday ko‘rsatuvlar bolalar ruhiyatigi salbiy ta'sir ko‘rsatib, alal oqibat o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Uchburchak» teleloyihasining so‘nggi ko‘rsatuvlarini milliy atvorimiz-u aqidalarimizga qarshi qaratilgan raxna (diversiya) deb bilaman. Bunday nomaqbul, tanazzuldagi G‘arbning oila, nikoh va milliy qadriyatlarni rad etuvchi g‘ayriinsoniy qarashlarini targ‘ib etuvchi ko‘rsatuvlar ertaga jamiyatimiz hayotiga bemisl darajada salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini nega tushunmaydilar.

Men bu xususdagi munosabatimni alohida maqolada bayon qilishimni ma'lum qilib, TV xodimlarini, ularga mas'ul «tepadagilar»ni bir narsadan ogoh qilaman. Bir paytlar (o‘tgan asrning 70-yillarida) shoh zamonidagi Eronda xuddi shunday mavzudagi, ya'ni uyatsizliklarni ochiq-oydin ko‘rsata boshlaganlarida, o‘sha sharmanda ona-yu otalarning qilmishlariga chidolmasdan o‘nlab bolalar o‘z jonlariga qasd qilganlari ma'lum. Agar ertaga «Uchburchak»da sharmandalik qilgan kimsalarning bolalaridan birontasi o‘zini o‘ldirsa, bunga eng avvalo, TV rahbarlari, jumladan «Uchburchak»ning befarosat mualliflari ham javob berishlari shartligini unutmasinlar. Bu dunyoda bo‘lmasa, Yaratganning oldida javob beradilar.

Zero, bugungi internet zamonida biron gap aytilgan joyida qolib ketmaydi. Ayniqsa, bunday uyatli gaplar internet orqali o‘sha sharmanda ayollarning mahallalariga, farzandlari ta'lim olayotgan maktab o‘quvchilari orasida bir pasda tarqalib ketadi. Tabiiy ravishda, o‘sha o‘zini sharmanda qilgan ayollar bolalarini qo‘llari bilan nuqib ko‘rsata boshlashadi. Bunday uyatsizlikka esa yosh bolaning ruhiyati dosh berolmaydi.

Internet tarmog‘i juda beshafqat. Uning berahm shafqatsizligi tufayli dunyoda minglab bolalar o‘z jonlariga qasd qilmoqda. Shu gaplarni yozaturib, ko‘zim yangi ma'lumotga tushdi: Avstraliyada tengdoshlarining internet orqali bildirgan kinoya va mazaxlar tufayli 12 yoshli qizaloq o‘z joniga qasd qilibdi…

Demokratiya va so‘z erkinligini chegarasizligu uyatni unutib hamma gapni ochiq aytish deb tushunmaslik kerak. Zero, buyuk shoir yozganidek:
Dunyoda chegara ko‘pdir va lekin
Yolg‘iz uyatsizlik chegarasi yo‘q…», deyiladi shoirning feysbukdagi sahifasida.

Top