14:50 / 15.01.2018
25445

Peres Ronalduni aldadi va endi u «Real»dan ketmoqchi

Foto: © AFP

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu yozda klubni tark etishga qattiq bel bog‘lagan, deb yozadi AS.

Portugaliyalik futbolchi bu haqda bir qancha jamoadoshlariga aytgan. 

Ronaldu faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirishni istayapti. Ma'lumki, u aynan shu klub tarkibida ilk «Oltin to‘p»ini qo‘lga kiritgan va 2009 yilda «Real»ga o‘tgan edi. 

Futbolchining bunday qarorga kelishiga klub rahbariyatining uning iltimoslarini yerda qoldirayotgani sabab bo‘lgan. Ronaldu «Real» prezidenti Florentino Peresdan maoshining oshirilishini bir necha marta iltimos qilganiga qaramay, bu ish amalga oshirilmagan.

Avvalroq, Ronaldu boshqa futbolchilarga nisbatan kamroq daromad olayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Portugaliya terma jamoasi futbolchisi yiliga 21 million yevro maosh olyapti, biroq eng ko‘p daromad oluvchi futbolchilar orasida 5-o‘rinni egallab turibdi.

Masalan, «Barselona» hujumchisi Lionel Messi yiliga 50 mln yevro, «PSJ» yetakchisi Neymar esa 36 mln yevro ishlab topmoqda.

Ronalduning «Real» bilan imzolagan shartnomasi 2021 yilgacha amal qiladi.

Top