11:10 / 15.01.2018
42297

Singapurda korrupsiya ustidan qanday qilib g‘olib chiqishgan?

Singapur — 40 yildan sal ziyod vaqt ichida korrupsiya ustidan to‘liq g‘alaba qozongan mamlakatdir. Boz ustiga, ular Xitoydagidek poraxo‘r amaldorlarni yoppasiga peshonasidan otib tashlab emas, hattoki qat'iy qatag‘onlarni qo‘llamasdan ham buni amalga oshira olishgan, deb yozadi Rossiyaning «Voyennoye obozreniye» portali.

O‘tgan asr 50-yillarining o‘rtalarida britaniyaliklar o‘z mustamlakasi bo‘lmish Singapurni tashlab chiqib ketishganida singapurliklarning ixtiyorida o‘ta ojiz qonunchilik bazasi, mutlaqo savodsiz aholi, past maoshlar, shaffof bo‘lmagan iqtisodiyot, har yerda hoziru nozir korrupsiya qolayotgan edi. Odamlarni juda g‘ira-shira istiqbol qarshi olayotgandi. Li Kuan Yu «Xalq harakati» partiyasi bilan birgalikda saylovlarda yutib chiqdi va bosh vazir etib saylandi. Aynan u korrupsiyaga qarshi kurashning ramziga aylandi va uning shiori: «Korrupsiyani yengaman desang, do‘stlaring va qarindoshlaringni panjara ortiga jo‘natishga tayyor bo‘l», edi.

Li Kuan Yuning jamoasi shug‘ullangan birinchi vazifalardan biri korrupsiyani yo‘q qilish va aholining davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iborat edi.

Korrupsiyaga qarshi kampaniya to‘rt unsurdan iborat bo‘lib, ulardan birinchisi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi kuchli va mustaqil xizmatni tashkil etishdan iborat edi. Britaniyaning istilochi hukumatidan Korrupsiyani tergov qilish byurosi — KTB qolgan edi, biroq uning vakolatlari juda chalkash, xodimlari esa juda mayda ishlar — politsiya quyi va o‘rta eshelonlari, rasta savdosini nazorat qilayotgan inspektorlar, yer tuzuvchi inspektorlar bilan bog‘liq korrupsiya ishlari bilangina shug‘ullanishardi. Li Kuan Yu KTBni juda kuchaytirib, uni Singapur bosh vaziriga bo‘ysundirdi va cheksiz chinakam vakolatlar bilan ta'minladi.

Amaldorlar daxlsizlikdan mosuvo etildi

Parallel ravishda barcha amaldorlar va ularning oila a'zolari daxlsizlikdan mosuvo etildi. KTB agentlari nafaqat amaldorlar, shuningdek ularning bolalari, xotinlari, qarindoshlari va hattoki do‘stlariga tegishli bank hisob raqamlari va mol-mulklarni tekshirish huquqiga ega bo‘lishdi! Agar amaldor va uning oilasi topadiganidan ko‘proq xarajat qilayotgani aniqlansa, byuro avtomatik ravishda tepadan buyruq kutmasdan tergovni boshlaydi. KTB surishtiruvlari hukumatning oliy eshelonidagi yirik poraxo‘rlarga qaratilgan edi. Kichik tovlamachi amaldorlar bilan esa qaror qabul qilish yo‘llarining soddalashtirilishi, jamoatchilik hayotining u qadar muhim bo‘lmagan sohalarida ruxsatnoma va litsenziyalashni bekor qilish bilan kurash olib borishdi. Sudlarga esa korrupsiya natijasida qo‘lga kiritilgan mol-mulkni musodara qilish huquqi taqdim etildi.

1989 yilda korruptsion xatti-harakat uchun maksimal jarima miqdorini 10 mingdan 100 ming Singapur dollarigacha ko‘tarishdi. KTBga yolg‘on guvohlik berish yoki tergovni chalg‘itish qamoq jazosi va 10 ming dollar jarima bilan jazolanadigan bo‘ldi. KTB bir necha marta Li Kuan Yu va uning oila a'zolariga nisbatan ham surishtiruv olib borgan, lekin muvaffaqiyatga erishmagan. Faoliyat ko‘rsatgan davr mobaynida KTB bir necha federal vazirlar, kasaba uyushmalari rahbarlari, jamoat arboblari, davlat kompaniyalari top-menejyerlarini qamoqqa olgan.

Hach qanday murosadan xoli

Keling, Singapur hukumati oliy maqomli amaldorlardan birini javobgarlikka qanday tortganligini ko‘rib chiqaylik.

Vi Tun Bun 1975 yilda oilasi bilan Indoneziyaga safar qilganida atrof-muhit muhofazasi vaziri edi. Ushbu safar xarajatlari turar-joylar qurayotgan firma tomonidan to‘lab berilgani aniqlanadi, firmaning manfaatlarini vazir davlat xizmatchilari oldida himoya qilardi. Vazir shu pudratchidan 500 ming Singapur dollari turuvchi dang‘illama uy, o‘z otasi nomiga fond bozorlarida chayqovchilik qilish uchun o‘sha firmaning kafolati ostida 300 ming dollarli ikkita kredit ham oladi. U ayblanib, sudlanadi va to‘rt yarim yilga qamaladi. Vazir hukmdan norozi bo‘ladi, garchi qamoq jazosi bir yarim yilgacha qisqartirilgan bo‘lsa-da, hukm o‘z kuchida qoladi.

Topganiga yarasha yashash

Aksilkorrupsiya dasturining ikkinchi unsuri: Singapurda fakt jihatidan hukumat agenti, istalgan davlat idorasi yoki jamoatchilik tashkilotining aybdorlik prezumptsiyasi joriy etilgan edi. 1960 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, o‘z daromadlariga mos bo‘lmagan dabdabali hayot kechirayotgan va mol-mulkka ega bo‘lgan ayblanuvchi korruptsion daromadlarga ega ekanligi — pora olganini isbotlovchi dalil sifatida qabul qilinardi.

Hukumat bilan aloqalar izlayotgan shaxsdan har qanday ko‘rinishdagi sovg‘a-salom olgan amaldor korruptsion yo‘l bilan rag‘bat yoki mukofot sifatida olgan hisoblanadi, toki teskarisi isbotlanmasa. Bu esa aybsizlikni isbotlash yukini xizmatchining zimmasiga yuklaydi, u korruptsion sxema doirasida mukofotni olmaganiga sudni ishontirishga majbur. Agar amaldorning aybi isbotlansa, uning mol-mulki musodara etiladi, o‘zi ulkan jarima to‘lab, yaxshigina muddatga qamaladi. Boz ustiga, uning oilasi ham sharmanda bo‘lib, oila a'zolaridan hech kim Singapurda tuzuk ishga o‘ta olmaydi.

Intizomlilik uchun katta maosh

Uchinchi unsur — amaldorlarning oylik ish haqlari radikal keskin oshirilgan. Li Kuan Yu davlat xizmatchilari katta maosh olishlari kerak, chunki ular tartibli va halol hukumat vakili bo‘lishgan va shunga loyiq, deb hisoblardi. Agar ularga kam ish haqi to‘lsansa ularning nafsi g‘olib chiqib, korruptsion xatti-harakatlarga qo‘shilib qolishlari mumkin.

Oyliklarning oshirilishi davlat sektoriga eng yaxshi mutaxassislar kelishiga zamin yaratdi. Mamlakatda shiddatli iqtisodiy o‘sish kuzatila boshlanganida, amaldorlarning maoshlari xususiy sektor daromadlariga mutanosib ravishda o‘sa boshladi. Mas'ul lavozimlarda o‘tirgan davlat xizmatchilari va sudyalar xususiy korporatsiyalarning top-menejyerlari singari maosh ola boshlashdi. Avvaliga, ish haqi yetarli tarzda yuqori miqdorda belgilab olingan edi.

Li Kuan Yu bu tizimni samarasiz deb hisobladi va yangi tizimni taklif etdi. Unga ko‘ra vazirlar, sudyalar va oliy martabali davlat xizmatchilarining maoshlari xususiy sektor tomonidan to‘lanayotgan soliqlarning miqdoriga avtomatik tarzda bog‘lab qo‘yildi. Hanuzgacha ish berayotgan ish haqini hisoblab chiqish formulasi quyidagi ko‘rinishga ega: amaldorning mehnatiga haq to‘lash miqdori xususiy sektorning xuddi shu darajadagi ishchilari daromadlarining ular deklaratsiya ko‘rsatgan miqdorining 2/3 qismiga teng.

OAV omili

To‘rtinchi unsur — korrupsiyaga oid barcha faktlarni betinim yoritib boruvchi mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarining shakllantirilishi bo‘ldi. O‘ta dabdabali xarajatlar, porada payqalgan amaldor darhol nashrlarning birinchi sahifalaridan o‘rin olar edi.

Xullas kalom, korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyat kurashish uchun bosiladigan asosiy qadamlar mana shulardan iborat.

Top