16:20 / 17.01.2018
18367

IFFHS klublar reytingini e'lon qildi. Unda ikki O‘zbekiston klubi o‘rin olgan

Xalqaro futbol tarixi va statistika federatsiyasi (IFFHS) 2017 yilning eng yaxshi klublari nomini ma'lum qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berilgan.

Reytingda YeChL va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining amaldagi g‘olibi «Real» birinchi o‘rinda. Braziliyaning Libertadores kubogi g‘olibi «Gremio» va Yevropa ligasi bosh sovrini egasi Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinishda:

1 (2). Real Madrid (Ispaniya) / 4 ballik chempionat reytingi/ 328 ochko
2 (34). Gremio (Braziliya) / 4 / 286
3 (12). Manchester Yunayted (Angliya) / 4 / 284
4 (3). Barselona (Ispaniya) / 4 / 269
5 (4). PSJ (Fransiya) / 4 / 266
6(95). Flamengo (Braziliya) / 4 / 256
7 (10). Yuventus (Italiya) / 3 / 254
8 (6). Bavariya (Germaniya) / 4 / 250
9 (16). Manchester Siti (Angliya) / 4 / 244
10 (14). Red Bull Zaltsburg (Avstriya) / 3 / 240,5

O‘zbekistondan reytingda ikki jamoa Toshkentning «Lokomotiv» va «Bunyodkor» jamoalari o‘rin olishgan. Ammo ularning ikkalasi ham Osiyo klublarining kuchli o‘nligidan joy ola bilmagan.

Osiyo klublari ichida eng yuqori o‘rinda Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi qayd etilgan. Kuchli 10likdan shuningdek «Al Ahli» (Saudiya Arabistoni), «Shanghay SIPG» (Xitoy), «Urava Red Daymonds» (Yaponiya), «Ulsan Hyunday» (Janubiy Koreya), «Suvon Blyuings» (Janubiy Koreya), «Persepolis» (Eron), «Kavasaki Frontale» (Yaponiya), «Jyeju Yunayted» (Janubiy Koreya), «Guangjou Evergrand» (Xitoy)

Toshkentning «Lokomotiv» klubi reytingda 86 ochko bilan 221-pog‘onada qayd etilgan. E'tiborli tomoni, 221-o‘rinni Braziliyaning «San-Paulu», Argentinaning «Boka Xuniors», Germaniyaning «Herta» kabi mashhur klublar bilan bo‘lishib turibdi.

«Bunyodkor» esa reytingda 62 ochko bilan 386-pog‘onadan joy olgan. Bir yil muqaddam «qaldirg‘ochlar» bu reytingning 571-o‘rnida joylashgandi. Toshkentliklar bilan birga 386-o‘rindan «Uotford» (Angliya), «Vest Hem» (Angliya), «Betis» (Ispaniya), «Kan» (Fransiya) kabi mashhur jamoalar o‘rin olishgan.

Mavzuga oid
Top