13:20 / 17.01.2018
10714

Tojikiston O‘zbekiston bilan savdo aylanmasini 82 foizga oshirdi

Foto: UzReport

2017 yilda Tojikiston eksportining hajmi 2016 yil bilan taqqoslaganda 33,3 foizga oshdi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi prezidenti huzuridagi statistika bo‘yicha agentlik xabar berdi.

O‘tgan yili import hajmi esa 2016 yilga nisbatan 8,5 foizga kamaydi.

2017 yilda savdo aylanmasining umumiy hajmi 3 milliard 973 million dollarni tashkil qildi, bu 2016 yilga nisbatan 1,1 foizga ko‘p.

Eksport hajmi 1,2 mlrd dollarga oshdi - 2016 yildagi ko‘rsatkichdan 299 million dollarga ko‘p.

O‘tgan yili Tojikiston dunyoning 109 davlati bilan tashqi savdo aloqalariga ega bo‘lgan.

Rossiya va Qozog‘iston Tojikistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Tojikiston-Rossiya tovar ayirboshlash hajmi 936 million dollarni, Tojikiston-Qozog‘iston aylanmasi esa 838 million dollarni tashkil etdi. Rossiya bilan savdo hajmi 9,7 foizga pasaydi, Qozog‘iston bilan esa, aksincha, 24 foizga oshdi.

Xitoy bilan savdo aylanmasi 33%ga kamayib, 591 mln dollarga teng bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan ikki tomonlama savdo eng yuqori o‘sishni ko‘rsatdi - 82 foiz va 126 million dollardan ortiqni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va O‘zbekiston o‘zaro mahsulotlar ko‘rgazma savdolarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olgan.

Top