11:48 / 03.02.2018
20121

Sarroflarning payi qirqildi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 2 sentabrda imzolagan “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohada yangi bosqichni boshlab berdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Mazkur hujjatga asosan endi fuqarolar tijorat banklaridan davlat kursi bo‘yicha xorijiy valyutalarni sotish va xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Erkin konvertatsiyaning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsadlardan biri esa valyutalarni noqonuniy ayirboshlash holatlariga barham berishdir.

Ayni vaqtda bozorlarda va aholi gavjum joylarda “dollar olamiz” deb turgan valyutafurushlarning faoliyatiga chek qo‘yilmoqda. Ana shunday shaxslardan biri Timur Ahmatov va Uchqun Asilovlarning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) faoliyatiga ham barham berildi. Ular Qibray tumanidagi bozorda 6 ming AQSh dollarini noqonuniy ravishda sotayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Valyutafurushlikni o‘ziga kasb qilganlardan yana biri bo‘lgan Akrom Mo‘minov tumandagi avtoturargohlardan birida 85 ming qozoq tengesini noqonuniy o‘tkazayotganda ushlandi. Uning yonidan sotish uchun saqlab qo‘yilgan ming Rossiya rubli hamda 50 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holatlar bo‘yicha Qibray tuman sudining hukmi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, valyutafurushlar jarima jazosiga tortildi.

Top