14:46 / 06.03.2018
10811

Olimlar qo‘shimcha turar joy maydoni va qurilish uchun yer olishlari mumkin

Foto: Imagen

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida «Fan to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi taqdim etilgan, deb yozmoqda Norma.uz.

Qonun loyihasida ilmiy xodimlar va olimlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilgan. Chunonchi, davlat muassasalari xodimlariga ilmiy unvonlari uchun oylik lavozim maoshlariga quyidagi miqdorlarda ustama belgilash rejalashtirilmoqda:

• falsafa fanlari doktori (PhD) yoki fan nomzodi uchun – EKIHning 3 baravari (material e'lon qilingan sanada 516 720 so‘m);
• fan doktori (DSc) uchun – EKIHning 5 baravari (material e'lon qilingan sanada 861 200 so‘m).

Davlat va ularga tenglashtirilgan ilmiy tashkilotlar, shu jumladan Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining ilmiy xodimlariga quyidagi muddatga haq to‘lanadigan yillik mehnat ta'tili beriladi:

• 48 ish kuni – fan doktorlari uchun,
• 36 ish kuni – falsafa fanlari nomzodlari va doktorlari (PhD) uchun.

Bundan tashqari, davlat ilmiy muassasalarining ilmiy xodimlari shu jumladan xorijiy oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar va laboratoriyalarda malaka oshirish, stajirovka o‘tash maqsadida 1 yil mobaynida 3 oygacha bo‘lgan muddatga, ish joyi va lavozimini saqlagan holda, ish haqi saqlanmagan ta'til olishlari mumkin.

Ilmiy xodimlarning yashash sharoitlari yaxshilansin

Davlat va ularga tenglashtirilgan ilmiy tashkilotlar, shuningdek oliy o‘quv yurtlarining ilmiy xodimlari va muhandis-texnik xodimlari uy-joy bilan imtiyozli ta'minlanishi kutilmoqda. Bunda ularning uzluksiz mehnat staji kamida 5 yilni tashkil etishi kerak. Imtiyoz berish tartibi va shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Fan doktorlari, professorlar, shuningdek fan nomzodlari, PhD va dotsentlar qo‘shimcha ravishda tegishincha 20 va 10 kv.m. turar joy maydoni yoxud bir xona olishlari mumkin. Yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, kamida 5 yillik umumiy uzluksiz ilmiy stajga ega bo‘lgan ilmiy xodimlarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun imtiyozli kredit shartlarida yer uchastkalari beriladi.

Intellektual mulk obektlariga tijorat tusini berish tartibi

Loyihada davlat byudjyeti hisobiga yaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini uchinchi shaxslarga berish tartibi belgilangan. Mazkur holda intellektual mulk obektlari egalari ularning ixtirochilari bilan birgalikda davlat buyurtmasini amalga oshirish ishlarini bajarish uchun buyurtma beruvchilar hisoblanadi.

Intellektual mulk obektlarini kelgusida fuqarolik oborotiga joriy etish maqsadida uning mulkdori ularni ijrochilarga (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga) berishi, shuningdek quyidagicha transferni amalga oshirishi mumkin:

• mahalliy va qo‘shma korxonalarning ustav kapitallariga intellektual kapital qo‘yish;
• intellektual mulk egalarining aksiyalarini uning qiymat bahosiga muvofiq muomalaga chiqarish;
• patentlar sotish;
• litsenziyalar sotish;
• mualliflik huquqlarini sotish;
• baholangan intellektual mulkning garovi ostida turli banklarning kreditlar taqdim etishi;
• intellektual mulkni ishonchli boshqaruvga berish.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top