20:00 / 14.03.2018
176043

Maxsus xizmatda rebrending. MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirildi, uning vakolatlari belgilab berildi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etiladi. Bugun O‘zbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» farmonini imzoladi.

Hujjatda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy yaxlitligi, iqtisodiy va mudofaa salohiyatini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish tizimida alohida o‘rin tutishi qayd etilgan. Shu bilan birgalikda, Milliy xavfsizlik xizmatining maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilmay turib, unga milliy xavfsizlikni ta'minlashning barcha jihatlari yuklatilgani ushbu idoraning davlat organlari faoliyatining barcha sohalariga asossiz aralashuviga shart-sharoit yaratib bergani ta'kidlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati Milliy xavfsizlik xizmatining vorisi deb tan olinadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Milliy Xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi», deyilgan hujjat matnida.

Hujjatga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ sifatida belgilangan.

Mavzuga oid
Top