13:10 / 31.03.2018
9550

Qo‘l jangi bo‘yicha mavsum boshlanmoqda

Foto: Qo‘l jangi federatsiyasi

Joriy yilning 5-8 aprel kunlari Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 10-11,12-13 yoshli ug‘il bolalar va 14-15 yoshdagi qizlar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda qo‘l jangi federatsiyasi KUN.UZ‘ga ma'lum qilgan.

Manbaga ko‘ra, aynan mana shu turnir natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantirib olinadi. Unda Toshkent shahri hamda barcha viloyatlardan 700ga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur musobaqa doirasida 18 yoshdan kattalar o‘rtasida 60 hamda 80 kg vazn toifasida profesional  janglar ham o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Ruminiyaning Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida kichik yoshdagi qo‘l jangi ustalari 15 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan holda umumjamoa bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashgan edi.

O‘tgan mavsumni muvaffaqiyatli yakunlagan sportchilar joriy yilda ham, xususan 13-17 may kunlari Rossiyaning Ufa shahrida bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo ochiq chempionatida ham to‘liq tarkib bilan ishtirok etishadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ushbu musobakaga 10 apreldan 8 mayga qadar Toshkentda  tayyergarlik ko‘radi.

Kattalar terma jamoasi esa 24-27 may kunlari Belarus davlatida o‘tkaziladigan Yevropa Ochiq chempionatida ishtirok etishni maqsad qilgan. O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqaga tayyorgarlik yig‘inini 10 apreldan Paxtakordagi sport bazasida boshlaydi.

Ma'lumot uchun, Minskdagi turnir joriy yilning oktabr oyida Niderlandiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

 

Mavzuga oid
Top