21:29 / 11.04.2018
24034

Buyuk Britaniya: Salom, men musulmonman!

Foto: Al Jazeera

Buyuk Britaniyaning poytaxti London shahri markazida musulmonlardan qo‘rqish va ularga nisbatan shubhalanib qarash (Islomofobiya)ga qarshi xalqaro tadbir o‘tkazildi. Al Jazeera telekanalining xabar berishicha, mazkur tadbir dunyo bo‘ylab, xususan Germaniya, Niderlandiya, Fransiya va Avstriyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Milli Gorus» islom jamoasi a'zolarining aytishicha, haftaning payshanba kuni (12.04.2018) Yevropa, Avstraliya va Kanadadagi minglab yosh musulmonlar shaharlar bo‘ylab «Salom, men musulmonman!» shiori ostida o‘zlarini tanishtirib tadbirlar uyushtirishadi. Islom jamoasining ta'kidlashicha, bu islom dinida bo‘lgan shaxslar va boshqa din vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlikni shakllantirishning eng yaxshi yo‘lidir.

«Milli Gorus» islom jamoasi prezidenti Kemal Ergunning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad o‘zaro shubha va qo‘rquvlarni yo‘qotish va do‘stlikni rivojlantirish, islom dini dunyodagi eng yaxshi va tinchlikparvar din ekanini barchaga isbotlashdir.

Bu tadbirlar asosan Yevropa bo‘ylab 500dan ortiq masjidlar atrofida bo‘lishi rejalashtirilgan.

Foto: Al Jazeera
Foto: Al Jazeera

Islomiy inson huquqlari komissiyasining mustaqil so‘rov xulosalariga ko‘ra, 2016 yilda 2010 yilga nisbatan islomofobiya sezilarli darajada oshgan. 2017 yilning o‘zida Germaniya va Ispaniyada yashovchi musulmonlarga nisbatan ulardan qo‘rqib va nafratlanib jarohat yetkazish hollari 950tani tashkil etgan. Qayd etilishicha, hujumlarning aksar qismi ayollar va bolalarga nisbatan uyushtirilgan.

Top