13:46 / 23.04.2018
10788

«Chempion hikoyalari»: Harri Keynning «Arsenal»dan qasosi tarixi

Rad etilish - biroz g‘alati tuyg‘u, ayniqsa, agar yosh bola bo‘lsangiz. Men bu kunni juda yaxshi eslayman. Chingforddagi uyimiz ro‘parasida park bo‘lardi va har doim otam va akam bilan u yerga futbol o‘ynagani borardik. U yerda hech qanday stadion yo‘q, shunchaki, ikki daraxt, chim bo‘lsa yetarli - biz baxtlimiz, futbol o‘ynash mumkin. O‘sha paytlarda men «Arsenal»ning bolalar jamoasida edim.

Sakkiz yoshdaman. Bir kuni otam menga «senga bir gap aytishim kerak» dedi.

- Nima bo‘ldi?

U mening yelkamdan yengil quchdi va:

- Xullas, Harri, «Arsenal» sendan voz kechdi.

To‘g‘risi, o‘sha paytda nimani his qilganim esimda yo‘q. O‘ylashimcha, bu gaplar nimani anglatishini ham yaxshi tushunmagan bo‘lsam ham kerak. Juda yosh edim. Ammo bu voqeaga otamning munosabati esimda va u menga o‘zimni qanday his qilishim kerak ekanini o‘rgatayotgandi go‘yo. U meni tanqid qilmadi. U «Arsenal»ni ham tanqid qilmadi. Hatto bu voqea unga unchalik ta'sir etmagandek tuyulardi.

- Xafa bo‘lma, o‘g‘lim, biz endi ko‘proq mehnat qilamiz, shug‘ullanamiz va o‘zimizga boshqa klub topamiz, bo‘ptimi, Harri?

Foto: Mirror

O‘sha voqeada siz ham men rosa xafa bo‘lganimni taxmin qilarsiz, balki. Dunyoda o‘g‘lining professional futbolchi bo‘lishini qattiq istaydigan otalar ko‘p, ular uchun ham bunday holat juda achinarli bo‘lardi, menimcha. Ammo, mening otam boshqacha edi, u doim menga bosim o‘tkazmaslikka harakat qilar, har doim pozitivligicha qolardi. Uning har qanday holatdagi doimiy pozitsiyasi shu bo‘lardi - «kel, yana bir urinib ko‘ramiz».

«Arsenal»dan so‘ng, men mahalliy jamoaga qaytdim, keyin esa «Uotford» skautlaridan biri meni payqab, sinovga taklif qildi. Qizig‘i, «Uotford»ning «Tottenhem»ga qarshi o‘yinida sinovdan o‘tdim, menga endi «Tottenhem» ham xaridor bo‘la boshladi. Bilishimcha, oq rang menga ko‘proq yarashsa kerak. «Tottenhem» akademiyasiga qabul qilindim. 

«Arsenal»ga qarshi ilk o‘yinimiz esimda. Kulgili ko‘rinishi mumkin, hali sakkiz yoshdagi bolakayman, lekin har safar «Arsenal»ga qarshi maydonga tushganimda bir fikr xayolimdan o‘tadi: «yaxshi, ko‘ramiz kim haq, kim nohaq». Menimcha, o‘sha «Arsenal»dan ketish hayotimdagi eng muhim va foydali voqea bo‘lgan, chunki aynan shu tufayli, men doim o‘zimda qo‘shimcha kuch topardim.

Premer Ligada 100ta gol urishning uddasidan chiqqanimdan xursandman. Bir paytlar, ikki yil ijara shartnomalari asosida o‘ynab yurganimda, o‘zimga savol berardim - APLda hech bo‘lmasa bir gol urish nasib qilarmikin?

O‘tgan yillarda men ko‘p narsani o‘rgandim. Tasavvur qiling, men atigi 18 yoshman. «Milluol» qo‘yi ligaga tushib ketish arafasida edi. Yechinish xonasida ba'zi jamoadoshlarimning so‘zlarini tinglar ekanman, butunlay boshqa olamga tushib qolgandek bo‘lardim.

«Harri, agar pastga tushib ketsak, maoshim ikki barobar tushib ketadi»

«Harri, jon saqlab qolmasak, mening shartnomamni bekor qilishadi»

Ular uyida oilasi, kichik bolalari bor odamlar. Shunda men barchasiga butunlay boshqa tomondan qarashni boshladim. Ba'zi insonlar shunchaki, to‘p tepish, g‘alaba qozonish uchun sport bilan shug‘ullanmasliklarini payqadim. Bilasanmi, ular, ularning oilasi uchun futbol nima? Yashash uchun imkoniyat. Ana shunda men shunchaki, bolakay bo‘lib qolmaslik kerakligini, bir lahza hayotni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkinligini tushuna boshlayman.

Men yomon o‘ynamadim va o‘sha yili ligada qoldik. «Milloul»ning muxlislari Angliyadagi eng tentak muxlislar, buni hamma biladi. Lekin ular bilan ham yaxshi aloqalarim saqlanib qolgan. 

O‘sha mavsumdan keyin «Tottenhem» meni olib qolishidan umid qilgandim. Ammo yana ijarada o‘ynashga to‘g‘ri keldi. «Lester»dagi yillarim juda qiyin o‘tdi. Men asosiy tarkibga kira olmas va har kuni uyda o‘tirib o‘ylardim: agar «Lester» bilan Chempionshipda asosiy tarkibga kira olmasam, «Tottenhem» bilan Premer Ligada qanday o‘ynayman?

Ilk bor menda o‘zimga nisbatan ishonch kamaygan, shubhalar qamrab olgandi. Shubha - yengish qiyin bo‘lgan, juda yomon tuyg‘u. Kunlardan bir kuni oilam mehmon bo‘lib keldi va biz uzoq vaqt bu haqida gaplashdik. Shu darajada tushkun edimki, uyga qaytishni istadim va buni otamga aytdim.

- O‘ynashda, mehnat qilishda davom et. Hammasi yaxshi bo‘ladi, - dedi u.

Foto: Zimbio

Oradan bir necha hafta o‘tib, yana o‘sha kvartiramda o‘tirar ekanman, internetda NFL haqidagi roliklarni ko‘rib o‘tirib, Tom Bredi haqidagi video e'tiborimni tortdi. New England Patriots ning eng zo‘r futbolchilaridan biri.

Aytishlaricha, Tom Bredi sinfida asosiy tarkib uchun 199-o‘rindagi nomzod bo‘lgan ekan. Bu meni hayron qoldirdi. Yaxshi ma'noda. Film rostdan ham menga ijobiy ta'sir qildi. Butun hayoti davomida hech kim Tomga ishonmagan. Kollejga borganida ham, murabbiylar doim uning o‘rniga nomzod axtarishar ekan. Hatto bir lavhada uning o‘z futbolkasini yechayotgani ko‘rsatilgan - qomatini ko‘rgan skautlar kulgidan o‘zlarini to‘xtata olmagan ekan. Qanaqa futbolchi bu, oddiy bola-ku? «Brediga qarab turib, novcha, ozg‘in, hech qachon tarozi ko‘rmaganga o‘xshaydi», deydi murabbiy ham. 

Xuddi o‘zim-ku! Men haqimda ham shunday deyishardi. «Bilasizmi, u haqiqiy hujumchiga o‘xshamaydi» - xuddi shunday gaplarni ko‘p eshitganman.

Blaki ishonmassiz, lekin o‘sha Lesterdagi kvartiramda o‘tirib, birdaniga o‘zimga o‘zim aytdim - «Men ham shunday bo‘laman. Mehnat qilishda davom etaman va imkon tug‘ilganda, albatta ushlab qolaman».

Bir necha kun o‘tib, sobiq jamoam «Milluol»ga qarshi maydonga tushdik. Burchak to‘pi tepilayotganda, raqibning yirik gavdali himoyachilaridan biri meni qo‘rqitishni boshladi.

 - Oy, Harri?

- Ha?

- Men hali sariq kartochka olmadim.

- Nima bo‘pti?

- Bu yaxshi, men o‘sha sariqni senga qarshi olmoqchiman.

To‘p yuqorilatib oshirildi. Ikkimiz ham to‘p uchun sakradik. Qo‘yi ligalarda bunday vaziyatlarda tirsaklar ishga tushishi odatiy hol. Havoda tirsagim bilan qovurg‘asiga urdim va u yiqilib tushdi. Buning ustiga, uni bosib ham oldim shekilli. Men hatto uzr ham so‘ramadim, indamay, ustidan xatlab o‘tib yugurib ketdim. Bu mening, unga va boshqalarga, butun dunyoga nimanidir isbotlashga bo‘lgan ilk harakatlarim edi - endi meni hech kim mazax qilolmaydi!

Kelasi mavsumda yana «Tottenhem»ga qaytdim va Andre Villash-Boash bilan uchrashdim. U meni yana ijaraga berib yubormoqchi edi. Yaxshi yaxshi klublar men bilan qiziqa boshlashgandi, lekin mening ertagim bu emasdi. Men faqat «Tottenhem» safida Premer Ligada o‘ynamoqchi edim. Shuning uchun murabbiyga hech qayerga ketmoqchi emasligimni aytdim. U biroz hayron bo‘lib menga qarab turardi.

«Men sizga shu yerda o‘ynay olishimni isbotlamoqchiman. Siz menga har juma kuni, o‘yin oldidan bunga loyiq emasligimni aytishingiz mumkin, bu tabiiy. Lekin ketishni istamayman».

U menga jamoada qolishga imkon berdi va bu mening faoliyatimdagi burilish nuqta bo‘ldi. Men o‘zimda qobiliyat borligini bilardim, lekin o‘zim uchun turib berishim ham kerakligini his qilgandim. Bir paytlar juda uzoq tuyulgan bolalikdagi orzuimga juda yaqin turar, ana endi beriladigan imkoniyatdan foydalanish qolgandi xolos.

Mashg‘ulotlarda olov edim, lekin hali ham imkoniyat berilmagandi. Qishda Boash iste'foga chiqdi va Tim Shervud barcha mas'uliyatni zimmasiga olib, menga ishonch bildirdi. Dastlabki uch o‘yinda uchta gol urdim. Ajoyib hissiyotlar, ayniqsa «Uart Hart Leyn»da ilk golimni urganim hech esimdan chiqmaydi.

Lekin bilasizmi, meni Harri Keyn qilgan omil o‘sha birinchi golimdan yuzinchisigacha bo‘lgan o‘yinlar emas, aynan o‘sha birinchi golni urgan kunimgacha bo‘lgan paytlar, deb o‘ylayman. Mening shakllanishimda o‘sha davr asosiy poydevorni qo‘ygandi.

Maurisio Pochettino kelgach, hammasi o‘zgarib ketdi. Faqat men emas, butun klub uchun. Hech qaysi murabbiy mening faoliyatimga Maurisiochalik ijobiy ta'sir o‘tkazmagan. U jamoaga o‘z falsafasini olib keldi va eng muhimi, bir-biriga juda yaqin bo‘lgan jamoani tuzdi. U o‘zi ham ajoyib futbolchi bo‘lgan, lekin bu haqida hech qachon gapirmaydi. U murabbiy sifatida faqat bizni o‘ylaydi, bizni gaplashadi va bizga yordam berishni istaydi. Yulduz futbolchi bo‘ladimi, asosiy tarkibga kirishga intilayotgan yosh futbolchimi farqi yo‘q. Agar siz mehnat qilishni istamasangiz, dangasa bo‘lsangiz, u juda qattiqqo‘l - maydonga tushmaysiz, hatto gaplashish uchun yoniga borsangiz, xonasi siz uchun berk. Lekin bor imkoniyatni ishga solayotgan bo‘lsangiz, u butun vaqtini sizga sarflashga tayyor.

Foto: talkSPORT

Faoliyatimdagi eng yorqin damlardan biri - avvalgi mavsumlardan birida, het-trik qayd etgan kunim, Maurisio o‘yindan keyin xonasiga chaqirdi. O‘sha paytlarda biz yaqin edik, lekin u darajada emas. Nega chaqirganligini taxmin ham qila olmasdim. Qarasam, qo‘lida bir bokal qimmatbaho vinoni ushlab kulib o‘tiribdi. Qo‘li bilan meni chaqirdi va «kel, bir mazasini ko‘ramiz» dedi.

U fantastik inson, fantastik murabbiy, degan o‘y kechdi xayolimdan. Men uni inson sifatida ham, futboldan tashqaridagi do‘st sifatida ham juda hurmat qilaman. Jamoamiz shunaqa ahil va jips ekanining asosiy sababi ham uning mana shunday ajoyib inson ekanida deb o‘ylayman.

Yana dastlabki mavzuga qaytsam, o‘sha rad etilish hayotimdagi eng yaxshi voqea bo‘lgani aniq. Shimoliy London derbisi oldidan butsalarim ipini bog‘lar ekanman, har doim o‘sha sakkiz yoshli bolakay qiyofasiga kiraman, aynan o‘sha tuyg‘ularni boshdan kechiraman: «ko‘ramiz, kim haq, kim nohaq!».

Ishonasizmi, yo‘qmi, hali ham o‘sha fikrlar aylanadi miyamda. Har o‘yin oldidan o‘zimcha qanday gol urishimni, darvozaning qaysi burchagiga tepayotganimni ko‘z oldimdan o‘tkazishga harakat qilaman. Qarshimda qizil libosdagi «Arsenal» himoyachilarini tasavvur qila boshlaganimdayoq etim junjikib ketadi.

Aslida gap faqat «Arsenal»da emas, buni tushungandirsiz... Gap o‘zimga va oilamga qo‘limdan nimalar kelishini isbotlaganim, har qadamimda menga ishongan oilamga pand bermaganim haqida. Gap o‘sha «Milliuol», «Norij» yoki «Lester» haqida... Ana endi, bugungi darajaga yetganimda, bir necha insonlarga minnatdorchilik bildirish fursati yetdi, deb o‘ylayman.

Hammasi yomon va mavhum paytlarda ham men bilan u yerdan bu yerga ko‘chib yurgan rafiqam Keytga...

O‘sha «Arsenal» mendan voz kechgan paytda yelkamdan quchgani va Lesterdagi kvartiramda menga aytgan so‘zlari uchun otamga...

Meni kutishga sarflagan cheksiz soatlari uchun onamga...

Akam Charliga, yoshligimda doimo uni aldab o‘tishimga «izn berib», o‘zimni Teddi Sheringem his qilgan minglab soatlarim uchun...

Men va menga o‘xshagan yigitlarga ishonch tuyg‘usi bergan, o‘ziga ishonishni o‘rgatgan Tom Brediga...

Tarkibga kira olmagan paytlarimda ham mashg‘ulotlardan keyin oldimga kelib, «sen asosiy tarkibda o‘ynay olasan» deb dalda bergan jamoadoshlarimga...  O‘sha paytlar ular men uchun dunyolarni bergandek edilar...

Meni o‘z hujumchisi deb tanlagan Maurisio Pochettinoga...

Albatta, «Tottenhem»ning barcha muxlislariga... Men bolaligimdan «Tottenhem»da o‘ynashni orzu qilganman. Uzoq yillar meni harakatga undagan  narsa - ko‘zimni yumganimda «Arsenal»ga gol urayotganimni tasavvur qilishim edi, hozir ham bu o‘zgarmagan. Lekin endi menga motivatsiya beradigan tuyg‘u o‘zgargan, endi u kattaroq. Endi men ko‘zimni yumganimda, «Tottenhem» libosida Premer Liga sovrinini qo‘limda ko‘tarayotganimni ko‘raman. O‘z stadionimizda. shu jamoadoshlarim bilan. Men keyingi 100 golimni shu hisga almashgan bo‘lardim. So‘nggi yillarda biz bunga juda yaqin keldik, lekin hali to‘xtab qolmaslik kerak. Javobim endi biroz zerikarli tuyular, shunday bo‘lsa ham, otamning o‘sha o‘gitlarini yana qaytaraman:

«Biz mehnat qilishda davom etishimiz kerak. Yigitlar!»


Harri Keyn

ThePlayersTribune

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Top