19:05 / 27.04.2018
33040

To‘rtta chempionlik tikilgan to‘qnashuvlar. Top o‘yinlar anonsi

Yevropada mavsum yakuniga yaqinlashgani sari bir qator qiziqarli, chempionlikka ta'sir qiluvchi uchrashuvlar ko‘paymoqda. Joriy haftada ham xuddi shunday uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tribuna.Uz an'anaviy ravishda uik-endning eng muhim uchrashuvlari bilan tanishtirdi.

INTeR – YuVeNTUS (28 aprel, 23:45)
«Yuventus» o‘tgan turda «Napoli»ga o‘z maydonida yutqazib, vaziyatni chigallashtirib yubordi. Endi turinliklar peshqadamlikni saqlab qolish uchun birorta ham o‘yinda mag‘lubiyatga uchramasliklari kerak bo‘ladi. Allegri jamoasining safar o‘yinlari «Roma» va «Inter»ga qarshi kechishini e'tiborga olsak, vaziyat juda jiddiyligini ko‘rishimiz mumkin.

Buning ustiga, «Inter»ga ham bu o‘yinda ochko suv va havodek zarur. Milanliklar 66 ochko bilan 5-o‘rinda borishmoqda va kuchli to‘rtlikdagi Rim klublaridan atigi bir ochko kam jamg‘arishgan xolos.

Tarkiblarga e'tibor bersak, «Inter»da yo‘qotishlar yo‘q. «Yuventus» tarkibida Kellini va mavsum oxirigacha safdan chiqqan De Shilodan tashqari, Klaudio Markizio yordamidan ham foydalana olishmaydi.

Milanda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uch o‘yinda «Yuventus» g‘alaba qozona olmaganini e'tirof etish kerak. Jamoalarning birinchi davradagi to‘qnashuvida ham hisob ochilmagandi. 

MYu – ARSeNAL (23 aprel, 20:30)
Deyarli bir yil oldin bu jamoalar «Emireyts»da to‘qnash kelishgan, o‘shanda «Arsenal» kuchli to‘rtlik uchun kurashayotgan, «MYu» esa, YeChL ga aylanma yo‘ldan, Yevropa Ligasida g‘olib chiqish orqali borishga urinayotgandi. Aynan YeLdagi «Selta» bilan o‘yinlar bilan ovora bo‘lgan «Manchester Yunayted» Londonga aralash tarkib bilan kelgandi. 

Xuddi shu ishni bu safar «Arsenal» qilishi mumkin. APLdan tamoman umidini uzgan Arsen Venger ketish oldidan keyingi trenerga YeChL yo‘llanmasini meros qilish uchun Yevropa Ligasini yutish kerak. Afsuski, «Atletiko» bilan birinchi o‘yin juda umidli boshlangan bo‘lsa-da, yakunda ispanlar uchun juda qulay hisob qayd etildi. Demak mehmonlar bu o‘yinda ko‘proq Madridga safar haqida ko‘proq o‘ylashlari tabiiy.

Shunday bo‘lsa-da, bu ham katta o‘yin. «MYu» hali rasman kuchli to‘rtlik masalasini hal qilmagan, shuningdek, Mourino 2-o‘rinni olishga harakat qilishini yashirmayapti.

Birinchi davradagi o‘yinda mehmonlar g‘alaba qozonishgandi. Mourinoda oradan besh yil o‘tib, 2011/12 mavsumidagi Fergyuson singari «Arsenal»ni bir mavsumda ikki marta mag‘lubiyatga uchratish imkoniyati bor.

Mayli, o‘yin qiziq bo‘lmasa ham, Arsen Vengerni «Old Trafford»da qanday kutib olishlari va kuzatib qo‘yishlari juda qiziq bo‘lsa kerak.  

DePORTIVO – BARSeLONA (29 aprel, 23:45)
Bu o‘yin turnir jadvalining har ikki tomonidan qaraganda ham qiziqarli.

Birinchidan, agar «Barselona» bu o‘yinda hech bo‘lmasa 1 ochko oladigan bo‘lsa, 25-marotaba Ispaniya chempioniga aylanadi. El Klassikoda madridliklar «koridor» va'da qilishmagan bo‘lishsa-da, o‘sha o‘yinni chempion sifatida boshlash Valverde shogirdlariga yoqsa kerak.

Ikkinchidan, «Deportivo» 18-o‘rinda bormoqda va katta ehtimol bilan ligani tark etadigan bo‘lib turibdi. La-Korunyaliklar faqat «Levante»ga yetib olishlari mumkin xolos – oradagi farq 9 ochkoni tashkil etmoqda. Agar bu turda ushbu farq kattalashsa, «Deportivo» rasman La Ligani tark etadi. 

GALATASAROY – BeShIKTOSh (29 aprel (21:00)
Bu o‘yinni mavsumning finaliga qiyoslash mumkin. Faqat bu finalda ikki emas, uch jamoa ishtirok etadi.

«Galatasaroy» 63 ochko bilan turnir jadvalini boshqarmoqda. «Beshiktosh» hisobida 62 ochko bo‘lib, ular ikkinchi o‘ringa joylashishgan. Taxmin qilish mumkinki, ushbu o‘yin g‘olibi mavsum tugashiga 3 tur qolganda yaqqol favoritga aylanadi.

Durang har ikki jamoani qoniqtirmaydi, zero 3-o‘rindagi «Istanbul Bashakshehir» hisobida ham 62 ochko bor. Ya'ni durang Turkiya superligasida yangi peshqadamga sabab bo‘lishi mumkin. Bashakshehirliklarning o‘yini bu uchrashuvdan uch soat oldin bo‘lib o‘tadi. Demak, o‘yin boshlanmasdan «Istanbul» turnir jadvaliga peshqadamga aylanib olishi, bu ikki raqib esa, ularni quvib o‘tish uchun bir-birini yutishga harakat qilishi juda qiziq va keskin kechsa kerak.

«Galatasaroy» 6 o‘yindan beri «Beshiktosh» bilan derbida g‘alaba qozona olmayotganini ta'kidlash kerak. Dekabrda o‘tgan so‘nggi o‘yinda ham «Beshiktosh» 3:0 hisobida ustun kelgandi.

KRASNODAR – LOKOMOTIV (30 aprel, 21:00)
Dushanba kuni shuningdek, Rossiyada ham chempion nomi rasman ma'lum bo‘lishi mumkin.

«Lokomotiv» Krasnodarga safar qiladi va u yerda g‘alaba qozonsa, «temiryo‘lchilar»ga hech kim yeta olmaydi. Hozirda Syomin shogirdlarining TsSKA bilan o‘rtadagi farqi 6 ochkoni tashkil qilmoqda. Oradagi farq yo‘qqa chiqarilsa ham, o‘zaro o‘yinlarda «Lokomotiv» (3:1, 2:2) ustunroq. Rossiya chempionati reglamentida ochkolar teng bo‘lib qolsa, avvalo, shu ko‘rsatkichga qaraladi. 
O‘z navbatida «Krasnodar»ga ham ochko juda zarur. Jamoa kuchli uchlikka kirib, YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. Hozirda krasnodarliklarni 3-o‘rin bilan uch ochko ajratib turibdi xolos.

Ushbu stadiondagi so‘nggi 2 o‘yinda «Lokomotiv» bir xil – 2:1 hisobida ustun kelgandi.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Top