00:16 / 06.05.2018
12905

Xayriya natijasi: koksartrozdan aziyat chekayotgan Xurshida opaga endoprotez qo‘yildi

Shu yil 1 fevral kuni KUN.UZ sayti tomonidan koksartrozdan aziyat chekayotgan Xurshida Rahmatovaning shifo topishiga ko‘maklashish maqsadida xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi. U o‘ng tomonlama 4-darajali koksartroz dardiga chalinib, endoprotezga muhtoj edi.

Shundan so‘ng, oradan 3 oy vaqt o‘tdi. Biz bu vaqt davomida bemor yurtdoshimiz bilan xabarlashib turdik. Bir saxovatpesha tadbirkor vatandoshimiz endoprotezning eng yaxshisini xolis niyatda olib berdi. Xurshida opa Toshkent Tibbiyot akademiyasi 1-klinikasi, ortopediya va travmatologiya bo‘limida jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Jarrohlik amaliyotini bo‘limning qo‘li yengil, mohir va tajribali jarrohlari amalga oshirishdi. Biz amaliyot natijasi bilan tanishish maqsadida ushbu klinikaga bordik. 

 

Azizlar, biz birgalikda yana bir g‘alabaga erishdik. Boshiga musibat tushgan hamyurtimizning darddan forig‘ bo‘lishiga birimiz duomiz bilan, birimiz moddiy mablag‘ bilan ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdik. Xurshida opa shunday xayriya natijasida oyoqqa turganidan barchadan minnatdor. Siz azizlarning ko‘magida bir insonning ko‘ngli shod bo‘ldi, Alloh barcha yordam berganlarni, duolarida eslaganlarni ikki dunyoda shod qilsin. 

To‘g‘ri, hali oldinda reabilitatsiya jarayoni bor. Xurshida opaning turmush o‘rtog‘i Erkin akaning 2012 yildan birinchi guruh nogironi sifatida 500 ming so‘m pensiya olishi keyingi davolanish jarayonlarini ko‘ngildagidek o‘tkazishda birmuncha moddiy qiyinchiliklarni yuzaga chiqarmoqda. 

Shu sababli KUN.UZ sayti saxovatpesha hamyurtlarimiz, moddiy imkoni bor vatandoshlarimizga yana bir bor murojaat qilib, muborak oy arafasida ushbu oilaning tashvishini aritishda ham yordam qo‘llarini cho‘zishga chorlaydi. Alloh Taolo xayr-ehson yo‘lida sarflagan mollaringizni yanada ko‘paytirib, savoblarini u dunyoga zaxira qilsin. 

Xurshida opa  +998 90 9550182

PAYME, CLICK, AGROBANK
8600 0423 1628 6615 

Mamatova Umida

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top