21:42 / 13.05.2018
40623

Xonqa tumanining rasvo yo‘llari (fotohisobot)

KUN.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi.

Unda Xonqa shahridan Al-Xorazmiy qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lning juda yomon ekani, transport vositalarining harakatlanishi uchun yaroqsiz holatga kelib qolgani, natijada aholiga ko‘plab noqulayliklar yuzaga kelayotgani yozilgan.

Vaziyatni o‘rganish uchun uchun Xonqa tumaniga bordik.

Aytish joizki, safarimiz davomida nafaqat Xonqa tumani, balki Xonqa shahrining avtomobil yo‘llari ham juda abgor holatda ekaniga guvoh bo‘ldik. Nazarimizda, yo‘llarning ahvoli bilan hech kimning ishi yo‘qdek, ular o‘z holiga tashlab qo‘yilgandek tuyuldi.

Agar tuman markazining yo‘llari shunday ahvolda bo‘lsa, u holda tuman yo‘llarining qanday ekani kishini o‘ylantirdi. Xavotirimiz o‘rinli chiqdi, Xonqa tumani yo‘llarining holati juda yomon edi.

Xonqa shahridan Al-Xorazmiy qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘l taxminan 15 km uzunlikka ega. U tuman markazini Namuna, Toma, G‘alaba va Al-Xorazmiy qishloqlari bilan bog‘lab turadi.

Qor-yomg‘ir natijasida asfalt qoplamalar yemirilib, yo‘llar chuqurchalar bilan qoplangan. Issiqda asfalt erishi natijasida, yo‘l o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketgan.

15 km masofani bosib o‘tish uchun transport vositalari 30-40 daqiqa vaqt sarflamoqda. Natijada, odamlar ishga, talabalar o‘qishga kech qolmoqda. Bundan tashqari, abgor yo‘llar tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalarining harakatini juda sekinlashtirmoqda. Natijada, inson hayotiga xavf soluvchi holatlar yuz bermoqda.

Yo‘lning asfalt qoplamasi yemirilib ketishi natijasida paydo bo‘lgan chuqurchalarni aylanib o‘tish uchun, transport vositalari yo‘lning chetiga chiqib ketishga, natijada zahkash va ariqlarga yaqin xavfli hududlardan harakatlanishga majbur bo‘lishyapti.

Biz uchratgan suhbatdoshlarning ba'zilari, yo‘llarning rasvo holatga kelib qolgani sababli, shaxsiy avtotransportini haydashdan voz kechganini aytishdi.

Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar Xonqa shahri va tumanidagi yo‘llarning achinarli ahvolda ekaniga e'tibor qaratib, aholining ijtimoiy huquqlarini ta'minlaydilar.

Top