14:08 / 16.05.2018
8764

O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi O‘sh shahrida sayyor konsullik qabulini o‘tkazdi

Foto: Kun.uz

2018 yilning 11-12 may kunlari O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi elchixonasi O‘sh shahrida Qirg‘izistonning janubiy hududlarida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan fuqarolar uchun sayyor konsullik qabulini o‘tkazdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Sayyor qabul davomida Qirg‘izistonning O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlaridan kelgan 50dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari konsullik masalalari bo‘yicha maslahat va yordam oldilar. O‘zbekistonliklar so‘ragan asosiy savollar Qirg‘iziston hududida tug‘ilgan bolalarning fuqaroligi va ularga O‘zbekiston Respublikasi hujjatlarini olish, O‘zbekistonga qaytish sertifikati, pasport berish yoki almashtirish, oilaviy ahvoli, fuqaroligi, sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni rasmiylashtirish va so‘rovga ko‘ra boshqa hujjatlarni olishga doir.

Shuningdek, O‘sh viloyati hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari, ishlash uchun ruxsatni rasmiylashtirish masalalari bo‘yicha maslahat berishni so‘radilar.

Konsullik qabulini tashkil etishda elchixonaga Qirg‘iziston hukumatining O‘sh viloyatidagi vakili vakolatxonasi va Tashqi ishlar vazirligining janubdagi vakolatxonasi ko‘mak ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston janubida yashovchi O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazilishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top