00:15 / 25.05.2018
19414

Samarqandda bog‘chalar uchun autsorsing xizmati bo‘yicha seminar va jihozlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi

Ayni paytda yurtimizda maktabgacha ta'lim sohasini tubdan yangilash, sohaga ilg‘or xorijiy tajribalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish borasida katta ishlar boshlab yuborilgan.

Samarqand viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan shahardagi 98-maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lib o‘tgan MTMlarda sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning yangi usullari, autsorsing xizmati va uning qulayliklari mavzusida amaliy seminar tashkillashtirildi.

98-bog‘chaning jajji tarbiyalanuvchilari ijrosidagi badiiy chiqishdan so‘ng viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sadinova so‘zga chiqdi.

Ayni paytda Samarqand viloyatida 579 davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularda 75 mingdan ziyod bolajonlar tarbiyalanmoqda. Viloyat hokimining MTMlarda autsorsing xizmatini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, Samarqand shahridagi bir qator bog‘chalarda, jumladan 98-MTMda sinov tariqasida ushbu yangi xizmat turi tashkil etildi.

Autsorsing nima? Ma'lumki, barchamiz o‘rganganmiz, ko‘nikkanmiz bog‘chalarda ovqatlanish bolalarni o‘yin va dam olish guruhlarining o‘zida amalga oshiriladi. Autsorsing xizmatiga ko‘ra, bolalarga taomni bog‘cha xodimlari emas, chetdan tadbirkor pishirib, tayyorlab beradi va bolalar guruhlarda emas, umumiy oshxonada ovqatlantiriladi.

Sinov tariqasida tashkil etilgan bu xizmatni 98-MTMda «Gold Platan» xususiy korxonasi ko‘rsatmoqda. Korxonaning o‘z non, qandolat maxsulotlari, yaxna ichimliklar va sharbat ishlab chiqarish sexi bor. Parrandachilik va chorvachilik kompleksi mavjud. O‘zi yetishtirgan mahsulotlarni tashib yetkazish uchun barcha transport vositalariga ega.

Bog‘chalarda «keytring» xizmat turlarini ham yo‘lga qo‘yish ham mo‘ljallanmoqda. Bunda taomlar bog‘chaning o‘zida emas, yetkazib beruvchi korxonada tayyorlanadi va qadoqlanadi. Bir bog‘chada tayyorlangan taomlar yaqin oradagi boshqalariga yetkazib berilishi ham «keytring» xizmatiga misol bo‘la oladi.

98-MTMda amalda namoyish etib berilgan ushbu yangilik seminarga tashrif buyurgan tuman MTM bo‘limi rahbarlari, bog‘cha mudiralari va xususiy tadbirkorlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi.

«Maqsadimiz amalda namunaviy tarzda tashkil etgan ushbu xizmatni viloyatdagi MTM mutasaddi rahbarlari va tadbirkorlarga namoyish etib, ma'lum bir yo‘nalish berishdan iborat», — dedi Kun.uz muxbiriga viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sadinova.

Seminar ishtirokchilari qator yillardan buyon ta'lim va tibbiyot muassasalari uchun inventarlar, mebellar va sport anjomlari hamda buyumlari ishlab chiqaruvchi «Stekloplastik» MChJga ham taklif qilindi.

Aprel oyida viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi va Janubiy Koreyaning Dongguk universiteti maktabgacha ta'lim fakulteti bilan anglashuv memorandumi tuzilgan edi. Janubiy koreyada MTMlarda foydalaniladigan mebel va inventarlardan andoza olingan holda «Stekloplastik» MChJda ham yorqin rangli turli meballar, o‘yin zonalari, bolalarning jismoniy sog‘lom bo‘lishiga yordam beruvchi trenajyorlar ko‘rgazmaga qo‘yildi. «Qo‘rg‘onchai bolo» MChJ tomonidan taqdim etilgan turli ko‘rgazmali qurollar bolalarning fikrlashi va ongini o‘stirishga xizmat qiladigan didaktik materiallar ham to‘planganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

«Korxonamiz qariyb 20 yildan buyon Xalq ta'limi vazirligining buyurtmasi asosida ta'lim muassasalariga mebel va invetarlar yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Biz Janubiy Koreya va boshqa davlatlardagi sharoitlar bilan tanishdik, endi bugungi kun talabidan kelib chiqib, yangi turdagi mebellarni ishlab chiqib, bog‘cha mudiralari, sheriklik asosida olgan tadbirkorlar e'tiboriga havola etdik. Ishlab chiqarayotgan jihozlarimizning barchasi davlat standarti va SanPin me'yorlariga mos keladi», — deydi «Stakloplastik» MChJ boshqaruvi raisi O‘ktam Saidmurodov.

«Men Urgut tumanidan keldim. 65 yoshdaman, fermerman, oziq-ovqat mahsulot ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalarimiz ham bor. O‘zimiz, farzandlarimiz chang loyga botib katta bo‘ldik, endi nevalaraimiz 120 o‘rinli xususiy bog‘cha tashkil qilmoqchiman. Non, qandolat mahsulotlari, meva-sabzavotlar o‘zimizdan chiqadi. O‘zimga tegishli yer maydonidan zamonaviy loyiha asosida barpo etmoqdaman. Ayni paytda qurilish ishlari ketmoqda. Bu yerga kelib ko‘zim quvnayapti. Shunchalik ajoyib mebellar, jihozlar bor ekan. Albatta, bog‘cha binosi ishga tushgach bulardan xarid qilaman», — deydi tadbirkor Fazilat aya Aliqulova.

Seminar va mahsulotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. To‘planganlarni qiziqtirgan savollariga ishlab chiqaruvchilarning vakillari tushuntirish berib, javob qaytarib turishdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top