18:40 / 27.05.2018
35050

Salohning jarohati bo‘yicha yangi tafsilotlar ma'lum

«Liverpul»ning misrlik futbolchisi Muhammad Saloh JCh-2018 turniri guruh bosqichida birinchi turda Urugvayga qarshi kechadigan uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Misr milliy terma jamoasidagi manbaga asoslangan holda Al-Youm Al-Sabia xabar tarqatmoqda.

Misr terma jamoasi turnirni 15 iyun kuni Yekaterinburgda Urugvayga qarshi o‘yin bilan boshlashadi.

25 yoshli hujumchi Yevropa Chempionlar ligasi finalida «Real»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi yarmida jiddiy jarohat oldi. U raqib jamoa sardori Serxio Ramos bilan to‘qnashuv vaqtida chap yelkasini jarohatladi va o‘yinni davom ettira olmadi. Uning chap yelkasida bo‘g‘imlar uzilgan.

Qayd etilishicha, Salohning jarohati bo‘yicha aniq tashxis dushanba kuni qo‘yiladi va shundan keyin u qancha muddat tiklanish jarayonida bo‘lishi ma'lum bo‘ladi.

Dastlab ushbu futbolchi Rossiya mundialini o‘tkazib yuborishi haqida xabar tarqalgandi, o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham «Liverpul» bosh murabbiyi Salohning jarohati jiddiyligini aytib o‘tdi.

Misr sport vaziri Xolid Mahmud Abdulaziz va terma jamoa shifokori esa Liverpuldagi manbalarga asoslangan holda futbolchining tiklanishi uchun 2 hafta yetarli bo‘lishi, u terma jamoa bilan Rossiyaga borishini ma'lum qilishdi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Saloh «Liverpul» bilan birga Angliyaga qaytgan. U takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va shunga ko‘ra shifokorlar unga davolanish kursi yozib berishadi. Kursni o‘tagach, Saloh Italiyaga uchadi va Misr terma jamoasiga qo‘shiladi.

Top