09:28 / 29.05.2018
8195

«ShHT-Afg‘oniston» Aloqa guruhining Pekindagi majlisi yakunlandi. Nima muhokama qilindi? 

Foto: russian.news.cn

2018 yilning 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Pekin shahrida «ShHT-Afg‘oniston» Aloqa guruhining tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar va Afg‘oniston Islom Respublikasi delegatsiyalari tomonidan hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, Afg‘onistondagi vaziyat va uning ulkan qo‘shni mintaqaga ta'siri hamda Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha choralar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida majlis ishtirokchilariga 2018 yil 27 mart kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» konferensiyasi natijalari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanganidek, Afg‘onistondagi vaziyat hal bo‘lishiga ko‘maklashish, tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, mazkur qo‘shni va qardosh davlat bilan do‘stona aloqalarda bo‘lish va rivojlantirish prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatimiz bundan keyin ham Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni rivojlanish yo‘liga qaytarishga amaliy hissa qo‘sha oladigan barcha sa'y harakatlarni qo‘llab quvvatlashga tayyor ekanligi ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «ShHT - Afg‘oniston» aloqa guruhining navbatdagi majlisi qachon va qayerda o‘tkazilishi aytilgandi.

Top