00:31 / 02.06.2018
12798

Innovatsiya vazirligi tuz bo‘roni keltirgan zararni bartaraf etish sinovlarini o‘tkazmoqda

May oyining so‘nggi haftasi yurtimizning ayrim shimoliy hududlarida ro‘y bergan tuz bo‘ronlari bilan esda qoldi. Buning oqibatida Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘simliklari va ekinlariga jiddiy zarar yetdi.  Tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish ishlarida qatnashayotgan O‘zbekiston Resupublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi  bir guruh mutaxassis va olimlarni Xorazm viloyatiga safarbar etdi, deb xabar beradi Kun.uz’ga vazirlik axborot xizmati.

Xorazm viloyatining Xonqa tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Innovatsiya vazirligi guruhi  yer uchastkalari zarar ko‘rgan fermerlar uchun maxsus seminar tashkil etib, amaliy yordam ko‘rsatish choralarini belgiladi. Vazirlik ishchi guruhi o‘zlari bilan olib kelgan  «Biosolvent» va «DAG-1» preparatlari  va ulardan foydalanish tartibi haqida tushuncha berdi. 

Ta'kidlash lozimki, mazkur preparatlar o‘zbek olimlari tomonidan yaratilgan. Polimer kompozitsiyali «Biosolvent» kam miqdorda suvdan foydalangan holda tuproqni zararli ionlar va zaharli va erishi qiyin bo‘lgan tuzlardan tozalash xususiyatiga ega. O‘simliklarga purkaladigan DAG-1 preparati esa biologik faol modda bo‘lib, o‘simliklarning immun mexanizmlarini rag‘batlantirish va boshqarish orqali patogenlarga chidamliligini oshiradi.  

Fermerlar bilan savol-javob tarzidagi seminardan so‘ng, amaliy jarayonga o‘tildi. Ya'ni suv purkovchi traktorga 600 litr aralashma qo‘yilib, 2 gektar yerga sepib chiqildi. Olib borilgan preparatlarning qolgan qismi fermerlarga tarqatildi. Bundan tashqari, 27 may kuni bo‘lib o‘tgan tuz bo‘ronidan keyingi tuproq va o‘simliklardan namuna olindi. Mazkur namunalar Innovatsiya vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida o‘rganilganidan so‘ng, yangi preparatlar yaratish ustida ish olib boriladi.

Top