14:07 / 05.06.2018
12202

ShHT sammitida Norov nomzodi bosh kotibi lavozimiga tasdiqlanishi mumkin 

Foto: uzdaily

9-10 iyun kunlari Xitoyning Tsindao shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida O‘zbekistondan Vladimir Norov nomzodligi tashkilotning yangi bosh kotibi sifatida tasdiqlanishi kutilmoqda.  
 
Sammit birinchi marta Hindiston va Pokiston vakillarining yangi a'zo davlatlar sifatidagi ishtirokida o‘tkaziladi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlar uchun 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi, deb yozmoqda RBK.

Sammitda, Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, ShHTning yangi bosh kotibi tasdiqlanishi rejalashtirilgan. Hozir bu lavozimni Tojikiston vakili Rashid Alimov egallab turibdi. Yetakchilar O‘zbekiston vakili Vladimir Norovni bosh kotib lavozimiga tayinlash to‘g‘risida kelishib olishlari kutilmoqda. Uning nomzodligi 24 aprel kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ShHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan muvofiqlashtirildi. Agar tasdiqlangan bo‘lsa, u Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyatini 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab 2021 yil 31 dekabrigacha boshqaradi.

Norovning o‘zi yangi lavozimga nomzod qilib ko‘rsatilgani haqida izoh bermayapti. «Bu haqida gapirishning hozircha vaqti emas», - dedi u Kun.uz muxbiriga.

Hozirda Vladimir Norov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori lavozimini egallab turibdi.

Mavzuga oid
Top