21:43 / 13.06.2018
15032

Toshkent brendi ustida ishlar olib borilmoqda

Poytaxt hokimligi, Jamoatchilik kengashi va iqtidorli dizaynerlar hamkorlikda Toshkent brendi ustida ishlashmoqda. KUN.UZ muxbiri Toshkent shahar hokimiyati qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonovning Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida aytgan so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"Toshkent shahrini sayyohlar, chet ellik va mahalliy sarmoyachilar, hamshaharlar va iqtidorli insonlar kelishi uchun ko‘rkamlashtirish kerak. Shu bois hozirda shahar hokimligi va iqtidorli dizaynerlari bilan birgalikda Toshkent brendi ustida ishlayapmiz", - deydi u.

Hikmat Abdurahmonov shuningdek poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan Toshkent shahrida turli festivallarni o‘tkazish taklif qilinganini ta'kidladi.

Hikmat Abdurahmonov. Foto: Xalkaro Press klub

"Bu juda yaxshi taklif. Sababi shahar aholisi xursandchilik bilan yashashi kerak. Biroq bu xursandchilik umumiy gap emas, ma'lum bir mavzuga bag‘ishlanishi maqsadga muvofiq. Festivallar mavzularini hamshaharlarimiz bilan birga belgilashni maqsad qildik", - deydi Jamoatchilik kengashi raisi.

Bundan tashqari, u poytaxtda G‘oya laboratoriyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish fikri bilan bo‘lishdi.

"Hozir shaharda juda katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Ularni amalga oshirishdan oldin G‘oya laboratoriyasini ishga tushirsak degan fikr keldi. G‘oyalarni ijtimoiy tarmoqlar va yig‘ilishlar orqali shahar aholisiga tashlasak-da, ularning ham ijobiy, ham salbiy tomonlarini munozara qilsak va shundan kelib chiqib ularni amalga oshirish mumkin yoki yo‘qligiga doir xulosa chiqarsak", - deydi Abdurahmonov.

Bundan maqsad shahar aholisi uning farovonligini oshirishga oid muhokamalarda qatnashishi, davlat idoralarida ishonch omilining tiklanishi ekanligi qayd etildi.

"Yig‘ilishlarda juda zo‘r takliflar berilmoqda, lekin ularni amalga oshiradigan insonlar yetishmaydi. Kerak bo‘lsa, davlat va xususiy sektor formatida shu narsani amalga oshirib, manfaat olish mumkin", - ta'kidladi u.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Jamoatchilik kengashi o‘zining ilk loyihasini tez va sifatli amalga oshirib, xalqqa foydasi tegadigan tashkilot bo‘lib qolishiga doir tilak bildirdi. U Toshkent shahrining har bir fuqarosi mazkur jamoatchilik kengashi a'zosi hisoblanishini qo‘shimcha qildi.

Top