17:40 / 14.06.2018
63806

Ortiqxo‘jayev YHXB faoliyatiga e'tiroz bildirdi: "20 yildan beri bir gapni eshitib kelamiz"

Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Normatov tomonidan tizimda olib borilayotgan ishlar haqida bildirilgan ma'lumotlarga e'tiroz bildirdi. KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili nimalar haqida gapirdi?

Birinchidan, hozirgi kunda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish xizmatlari Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazib berildi. Shaharning to‘rtta tumani - Mirobod, Yunusobod, Olmazor va Uchtepa tumanlarida shahrimiz fuqarolari bemalol 5-15 daqiqada eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish imkoniga egalar. Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport  vositalarini texnik ko‘rigini o‘tkazish masalasini tadbirkorlarga berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ikkinchidan, boshqarma bo‘limlarida navbatlarni kamaytirish masalasi. Haqiqatda hozirda navbatlar mavjud. Ularni kamaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Fayzioboddagi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limida qo‘shimcha ikkita oyna ochildi. Ulardan birida bolalar va qariyalarga xizmat ko‘rsatish uchun alohida oyna ochildi.

Uchinchidan, fuqarolar va xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida inshootlar ta'mirdan chiqarildi, konditsionerlar o‘rnatildi, shu jumladan zalga ham.

To‘rtinchidan, kutish zallarida bepul Wi-Fi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning e'tirozi

Foto: Xalqaro Press-klub

Toshkent shahar hokimi YHXB vakilining so‘zlariga e'tiroz bildirdi:

"Men bu gaplarga qo‘shila olmayman, chunki 20 yildan beri shu gapni eshitib kelyapmiz - har doim hammasi yaxshi, - dedi hokim. - Xalqaro Press-klub ekranida ko‘rsatilgan suratlar eski suratlar emas (bir kun avval olingan - tah.), bir kunda hammasi o‘zgarib qolishiga ishona olmayman. Buni, albatta, tartibga solish kerak, to‘g‘irlash kerak. Bunday xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazishni taklif qilishdi. Unda qanday farq bo‘ladi? Xususiy sektorga o‘tganidan keyin tushgan puldan o‘sha yerda ishlovchi har bir xodimning ish haqini ko‘tarib beradi, ya'ni "10 kishiga xizmat ko‘rsatsang - buncha, 100 kishiga xizmat qilsang - shuncha" deb. Bunda esa o‘z-o‘zidan xizmat ko‘rsatish tizimi yaxshilanadi. Agar bu davlat idorasida qoladigan bo‘lsa, xuddi shu tizimni yo‘lga qo‘ysak, odamlar kutib o‘tirishga majbur bo‘lmaydi. Ishchilar ham konditsioner ostida xotirjam o‘tirmay, "ko‘proq odamga xizmat qilay, ko‘proq topay" deb harakat qila boshlaydi. Tizimni to‘g‘irlash kerak, xolos. Menimcha, hech bir davlatda bunday xizmatlar xususiy sektorga berilmagan. Shaxsiy fikrimga keladigan bo‘lsak, men xususiy sektorga berishga qarshiman, lekin davlat tizimida qolib, o‘z faoliyatini takomillashtirishi tarafdoriman".

Hokim faqat maosh berish tizimini o‘zgartirish kerakligi, shundagina tizim tartibga tushishini, aks holda, yana 5 yildan keyin ham xuddi shu gapni eshitishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Boshlovchi Sherzod Qudratxo‘jayev Xalqaro Press-klub maydonida bu mavzu uchinchi marta ko‘tarilayotganini, lekin vaziyat hamon birdek qolayotgani, bu inson omiliga bog‘liq ekanini ta'kidladi. Mavzu yuzasidan Jamoatchilik kengashi pozitsiyasiga qiziqib, uning raisi Hikmat Abdurahmonovga yuzlandi.

Jamoatchilik kengashi qanday taklif bilan chiqdi?

Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov bu yerda faqat ichki ishlar bo‘limlari yoki vazirligi xizmatlari emas, ham notarius, ham obodonlashtirish, kadastr va boshqa davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni umumiy tizimga jalb qilish kerakligini qayd etdi. Xususan, davlat xizmatlarini inventarizatsiya qilish taklif qilindi.

"Hozir butun dunyoda aqlli texnologiyalarni ishlatish, elektron tizimlarni joriy qilish va u orqali kelayotgan odamlarning muammolarini o‘rganish, tahlil qilish mumkin. Agar tahlil bo‘lmasa, samaradorlikni oshirib bo‘lmaydi", - dedi u.

Bundan tashqari, tezlik reglamentlari borligi (ya'ni bir masalani hal qilish uchun yarim kun sarf qilish mumkin yoki 5 daqiqa ichida hal qilish mumkin) qo‘shimcha qilindi. Shu o‘rinda Jamoatchilik kengashi raisi xizmat turlarini toifalar bo‘yicha qarab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi taklifini bildirdi.

"Har bir masalani hal qilish tezligi reglamentini belgilab berish kerak. Masalan, dunyoning aksariyat aeroportlarida xodimlar yo‘lovchilar hujjatlarini 1 daqiqadan ortiq ushlab turmaydi. Xulosa qiladigan bo‘lsak, xizmatlar tezligi, sifati va samaradorligi o‘rganib chiqilishi kerak", - deya fikriga yakun yasadi Abdurahmonov.

Umuman olganda, Xalqaro Press-klubning Toshkent shahrini yanada ko‘rkamlashtirish va farovonlashtirishga bag‘ishlangan sessiyasi ancha davomli va qiziqarli o‘tib, keskin muhokamalarga boy bo‘ldi. Ko‘p muammolar ochiq-oydin ko‘tarildi, ularga yechimlar izlandi, takliflar bildirildi. Shahar hokimi poytaxtda bo‘ladigan barcha o‘zgarishlar, yangiliklar va islohotlar aholi bilan hamjihatlikda amalga oshirilishini ta'kidladi. Shulardan xulosa qilib, Toshkentning yaqin yillarda yanada obod va sevimli shaharga aylanishiga umid bildiramiz.

Top