11:52 / 14.06.2018
18146

O‘zbekistonda maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni berish tiklanishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida « Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilariga a'lo bilimi, namunali xulqi va faol jamoatchiligi uchun beriladigan oltin va kumush medallarni ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Belgilanishicha: 

oltin medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10-11-sinflardagi barcha fanlar bo‘yicha oraliq, yakuniy nazoratlari hamda choraklik va yillik baholari a'lo, namunali xulqqa ega bo‘lgan va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi;

kumush medal umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a'lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10-11-sinflardagi barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a'lo, namunali xulqqa ega bo‘lgan va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi;

oltin medalga ega bo‘lgan o‘quvchiga respublikadagi davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavr bosqichiga kirish sinovlarida to‘plagan umumiy balliga 50 foiz, kumush medalga ega bo‘lgan o‘quvchiga to‘plagan umumiy ballining 30 foizi miqdorida ball qo‘shib beriladi;

oltin va kumush medallarga ega bo‘lgan o‘quvchilarga beriladigan imtiyoz bir yilgacha amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi:

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan oltin 
va kumush medallarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va ularni hisobdan chiqarishni muvofiqlashtirishni;

umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan oltin va kumush medallarning o‘quvchilarga xolislik va odillik tamoyillariga amal qilgan holda topshirilishini ta'minlaydi.

“Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining buyurtmasiga asosan har yili umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan oltin va kumush medallarni tayyorlaydi.

Mavzuga oid
Top