18:31 / 24.06.2018
19082

Bekatda uxlagan o‘zbek ayoliga yordam ko‘rsatildi

Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi

22 iyun kuni Kun.uz'da chop etilgan "Toshkentda ish qidirib, bekatda tunashga majbur bo‘lgan ayol" nomli maqolasi yuzasidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Facebook'dagi sahifasida izoh berildi

Unda ma'lum qilinishicha, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan maqola qahramoni Zuhra Matqulovani topish va uning shaxsini aniqlash, shuningdek muammolarini hal etish maqsadida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilgan. 

Ayolni topishda Toshkent shahar IIBB xodimlari amaliy yordam ko‘rsatishgan. 

Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi

Tezkor qidiruv jarayonida ma'lum bo‘lishicha, Matqulova Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida bemaqsad yurgan, uning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari ham bo‘lmagan. Shu sababli ayol aniq yashash va mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan Reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. 

Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi

Ma'lumotlarga ko‘ra, Zuhra Matqulova shu kunga qadar bu markazga uch marta - 2017 yilning avgusti va oktabrida hamda 2018 yilning iyunida olib kelingan. 

23 iyun kuni Namangan viloyati Chust tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mamlakat Abdurahimova Zuhra Matqulovani doimiy yashash joyi, o‘z oilasi bag‘riga olib ketish uchun Toshkent shahriga yetib kelgan. Namangan viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi, Chust tumani hokimligining sa'y-harakatlari bilan Matqulovaning oilaviy sharoitlari o‘rganilib, uni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rildi. Ayolning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarini sog‘lomlashtirish, bandligini ta'minlash ishlari tashkil etildi. 

Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi
Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi
Foto: Facebook /O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi

Manbada yaqin kunlarda Zuhra Matqulova haqida yanada batafsil ma'lumot berishga va'da qilingan. 

Top