10:21 / 29.06.2018
6018

Yevropaning eng dolzarb muammosi - migrantlar. YeI turli davlatlari uni qanday hal qilishni taklif etmoqda?

Foto: Parij markazida politsiya qo‘lga olishidan avval muhojir. 2018 yil 4 iyun

29 iyun kuni Bryusselda Yevropa ittifoqi davlatlari sammiti ochildi. Uning asosiy mavzusi - noqonuniy immigratsiya. Yevropaga kelayotgan yangi qochqinlar soni qisqarganiga qaramay, yevropalik siyosatchilar yangi inqiroz holati bo‘yicha muammoni prinsipial hal etishni talab qilmoqda. Quyida Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va YeIning boshqa mamlakatlari bu muammoga qanday qarayotgani haqida fikr yuritiladi.

Yevropa ittifoqida muhojirlarning maqomi va huquqlari 1990 yilda ilk bor qabul qilingan hamda keyinchalik bir necha marta o‘zgargan Dublin reglamenti bilan tartibga solinadi. Ushbu reglamentga muvofiq, YeI hududiga kelganida ro‘yxatdan o‘tkazadigan mamlakatlar muhojirlar uchun rasmiy javobgarlikka ega. Odatda, bu janubiy davlatlardir: Italiya, Gretsiya, Bolqon mamlakatlari. Shundan so‘ng ular Shengen bitimidan foydalanib, Yevroittifoq hududida erkin harakatlanishlari mumkin.

Dublin reglamentini qanday o‘zgartirish kerakligi haqida qator g‘oyalar, ular hozirgi paytda muhokama qilinmoqda.

Migrantlarni ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlarga qaytarish

Mohiyati. Rasmiy ravishda hozir har qanday davlat migrantni ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatga yuborish huquqiga ega. Amalda bu kamdan-kam hollarda yuz beradi. Birinchidan, ko‘pgina istisnolar mavjud: muayyan mamlakatda allaqachon joylashtirib bo‘lingan oilalar a'zolari uchun; ro‘yxatdan o‘tish mamlakatida munosib turmush sharoitlari bilan ta'minlanmaganligini isbotlashi mumkin bo‘lganlar uchun (Janubi-Sharqiy Yevropaning badavlat bo‘lmagan mamlakatlarida bu qiyin emas). Ikkinchidan, bu normaning qat'iy tarzda amalga oshirilishi Yevropa ichida to‘laqonli nazoratni qayta tiklamay turib deyarli imkonsizdir.

Istisnolarni kamaytirish, chiqarib yuborishni avtomatik ravishda amalga oshirish taklif etilmoqda.

Kim taklif qilmoqda. Bunday qaror Germaniyada ancha mashhur, aynan o‘sha yerga muhojirlarning ko‘pchiligi Yevropa chegarasida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yo‘l oladi. Biroq, mamlakat ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer bu g‘oya umumiy Yevropa darajasida mustahkamlab qo‘yilishini talab qildi. Kantsler Angela Merkelning fikricha, bu faqatgina immigrantni chiqarib yubormoqchi bo‘lgan davlat va ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralar natijasi bo‘lishi mumkin. Munozara Germaniya hukumatini ikkiga ajratib yuborishga ham yaqin keldi.

Kim qarshi. Ushbu loyihani Yevropa janubidagi chegaraoldi davlatlarining o‘zi juda og‘riqli qabul qilmoqda. Ular muhojirlar o‘zlari uchun og‘ir yuk bo‘lishidan qo‘rqyapti.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ma'lumotlari

Muhojirlar uchun mamlakat kvotalarini joriy etish

Mohiyati. Rasmiy ravishda qochqinlar uchun kvotalar Yevroittifoq tomonidan 2015-2016 yillardagi so‘nggi inqiroz davrida kiritildi. O‘shanda Sharqiy Yevropaning birdaniga bir nechta davlati xorijliklarni qabul qilishga qarshi chiqdi. Endi qabul qilish uchun arizalarni emas, balki odamlar kelishi bilan ularni taqsimlash taklif qilinmoqda.

Kim taklif qilmoqda. Avvalgi «qog‘oz-kvotalarga» qarshi bo‘lgan Sharqiy Yevropa davlatlari. Shu tariqa, ular o‘zga mamlakatlardan boshpana berish to‘g‘risida qaror qabul qilinishini kutayotgan muhojirlardan qutulishni istaydilar. Italiyaning yangi, o‘ng hukumati ham bunga qarshi emas.

Kim qarshi. Yevropadagi eng farovon davlatlar hukumatlari: Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya. Ularning nuqtai nazariga ko‘ra, ushbu qaror haqiqiy vaziyatni murakkablashtirishi mumkin. Amaldorlar shoshilinch qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi, bu esa, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi oilalarni ajratish kabi holatga o‘xshash xatolar va mojarolar xavfini keltirib chiqaradi. Agar Yevropada haqiqatan ham yangi immigrantlar oqimi paydo bo‘ladigan bo‘lsa (hozir u yo‘q), muammo yanada keskinlashadi.

Muhojirlarni Yevropa ittifoqidan tashqarida «tushirish uchun platformalar» yaratish

Mohiyati. G‘arb matbuotida paydo bo‘lgan hujjatlarga ko‘ra, bu variant Yevropa ittifoqi rahbariyati uchun ustuvordir. G‘oya shundan iboratki, Yevropada boshpana izlashga chog‘lanayotgan odamlar «tushirish uchun platformalar» deb ataluvchi maxsus lagerlarga keladi, u yerda esa ularni qayerga yuborish haqida qaror chiqariladi. Bunday holatda Yevropa ittifoqi lagerlar ta'minoti va migrantlarni olib o‘tish uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Birinchi bunday lagerlarni Albaniya, Makedoniya va Shimoliy Afrika qirg‘oqlarida qurish taklif etildi. Loyihaga Papua-Yangi Gvineya hududida shunga o‘xshash «platformalarni» joylashtirgan Avstraliya tajribasi asos qilib olinadi.

Kim taklif qilmoqda. Rasmiy shakldagi g‘oya Yevropa kengashi raisi Donald Tuskdan chiqdi; xususan, Niderlandiya ham uni qo‘llab-quvvatladi.

Kim qarshi. Albaniyada Tuskning taklifi mojaroga olib keldi. Muxolif siyosatchilarning ma'lum qilishicha, agarda hukumat bunday kelishuvga boradigan bo‘lsa, mamlakatdagi muhojirlar soni mamlakat fuqarolaridan ham oshib ketadi. Bunday choralar maqbul ekaniga ba'zi ekspertlar ham shubha qilmoqda. Ularning eslatishicha, Avstraliyaga yo‘l olgan va Yangi Gvineya orolida joylashgan muhojirlarning taqdiri juda yaxshi ham emasdir. Boshqa bir savol shuki, muhojirlar qandaydir «filtrlash» lagerlariga borishni istamasligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropaga yo‘l olishlari mumkin.

Yevropa ittifoqining o‘zida «platformalar» qurish

Mohiyati. Bu konsepsiyani qo‘llab-quvvatlayotganlar so‘ziga ko‘ra, Yevropa hududidagi lagerlar qochqinlar uchun yanada jozibador bo‘ladi. Bundan tashqari, muhojirlarni Yevropa ittifoqi ichida tashishni tartibga solish ancha yengildir.

Kim taklif qilmoqda. Fransiya va Ispaniya hukumatlari. Yevropa ittifoqining hozirgi sammitida Albaniya va Makedoniyaning tarkibga kirishi ham muhokama qilinadi. Bu davlatlarda lagerlar qurilishi YeIga qabul qilish uchun shartlardan biri bo‘lishi mumkin.

Kim qarshi. Sharqiy Yevropa davlatlari va Italiya. Ularning xavfsirashicha, lagerlar kam nazorat qilinuvchi anklavlar va doimiy beqarorlik manbalari bo‘lishi mumkin.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ma'lumotlari

Shimoliy Afrika, Turkiya va Yaqin Sharqqa pul bilan yordam berish

Mohiyati. 2015-2016 yillardagi inqiroz davrida Yevropa ittifoqi Turkiyaga Yaqin Sharqdan muhojirlarni qabul qilish uchun olti milliard yevro ajratdi. Muammo shundaki, Yevropa ittifoqi pulni ajratib, tanqidchilar fikriga ko‘ra, muhojirlarning taqdirini kuzatib borishdan to‘xtadi. Shu bilan birga, YeI Erdo‘g‘an rejimiga qaram holatga tushib qoldi. Yevropa yetakchilari Liviya bilan bunday bitimdan voz kechishni rejalashtirgandi, sababi mamlakatdagi fuqarolar urushi tufayli natijani nazorat qilish yanada mushkullashishi mumkin. Biroq, Donald Tusk tomonidan tayyorlangan hujjatlarga ko‘ra, Shimoliy Afrikaga yarim milliard yevro ajratilishi ehtimolga yaqin, va bu faqat boshlanishi.

Kim taklif qilmoqda. Yevropalik ko‘plab siyosatchilarning fikricha, Afrikaga yordam berish muqarrardir. Germaniya kansleri Angela Merkelning partiyasiga kiruvchi parlamentariy Manfred Veberning bildirishicha, gap milliardlab yevro haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Kim qarshi. Hamma faqat rozi. Biroq, bu Yevropani qochoqlarning yangi oqimidan himoya qilishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ma'lumotlari

Top