10:11 / 30.06.2018
29836

2018 yilda birinchi marta deflyatsiya qayd etildi

2018 yil iyun oyida birinchi marta joriy yilning so‘nggi davrida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari umumiy darajasida pasayish kuzatilgan bo‘lib, iste'mol sektoridagi deflyatsiya darajasi oy davomida 0,4%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,6%ga pasaygan bo‘lsa, xizmatlar esa aksincha, 0,3%ga qimmatlashgan.

Asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar narxining qimmatlashishi umumiy iste'mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ga 0,4 foiz darajasida (f.d.) ta'sir etib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi esa INIning 0,8 f.d.da kamayishiga olib keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,8%ga arzonlashganligi, umumiy INIning 0,8 f.d.da pasayishiga zamin yaratdi.

Meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi, jumladan, tuxum, shakar, yog‘ va moy mahsulotlarining arzonlashgani umumiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatib, umumiy INIning 1,5 f.d.da pasayishiga olib keldi. Shular bilan bir qatorda go‘sht, non, alkogol va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi umumiy INIning ko‘tarilishiga yordamlashdi (0,7 f.d.da ta'sir etdi).

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari guruhi tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 15,3%), pasayish bo‘yicha esa kartoshka hamda sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 38,9% va 29,1%).

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 0,8%ga qimmatlashishi umumiy INIning 0,3 f.d.da oshishiga olib keldi.

Avtomobillar uchun yoqilg‘i hamda qurilish materiallaridan tashqari ushbu guruhning asosiy turdagi mahsulotlari narxlari orasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Aholi uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali sotilayotgan propan narxining qimmatlashishi asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlar guruhi indeksining ko‘tarilishida asosiy ta'sir omili sifatida qayd etilgan. Respublika bo‘yicha oy davomida ushbu mahsulotning narxi o‘rtacha 63,3%ga qimmatlashdi. Mamlakatning ba'zi hududlarida uning narxi 2 barobar va undan yuqori darajada ham qimmatlashgan (Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari shular jumlasidandir). Birjadagi kotirovka narxlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida shakllanayotgan holatlar propan narxlari darajasining sezilarli darajada qimmatlashishiga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.

Qurilish materiallari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,5%ga qimmatlashdi. Tsement va gulqog‘ozning narxi guruh tarkibidagi boshqa mahsulotlarga nisbatan birmuncha sezilarli darajada qimmatlashdi.

Iyun oyi davomida aholi uchun xizmatlar tariflari narxlarida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi va bor yo‘g‘i 0,3%lik o‘sish holati qayd etildi. Bu esa o‘z navbatida umumiy INIga 0,1 f.d.da ta'sir etdi.

Narx tariflarining nisbatan barqaror sur'atlarda oshib borishi qatorida yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari narxi o‘rtacha 1,4% va maishiy turdagi xizmatlar esa 0,4%ga qimmatlashdi.

Qashqadaryo viloyati hokimining qarori asosida joriy yilning iyun oyidan boshlab hudud bo‘yicha shahar avtobus transportida yo‘l haqi 66,7%ga oshirildi. Xorazm viloyati hokimining qaroriga asosan viloyat bo‘yicha shahar avtobus transporti xizmatlari 42,9% hamda yo‘nalishli taksi xizmatlari narxi 11,1%ga ko‘tarildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati hududida ham yo‘nalishli taksi xizmatlari o‘rtacha 9,4%ga qimmatlashgan.

Mahalliy transport poyezdlari uchun yo‘l xarajati hujjatlari narxining oshishi va Shveytsariya frankining so‘mga nisbatan biroz oshishi hisobiga temir yo‘l transporti xizmatlari narxlari biroz ko‘tarildi.

Yevroga nisbatan milliy valyuta kursining mustahkamlanishi natijasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK chiptalari narxlari birmuncha arzonlashdi.

Mavzuga oid
Top