19:20 / 08.07.2018
18428

Tailanddagi g‘ordan 6 bola olib chiqildi, qutqaruv ishlari davom etmoqda

Foto: epa/vostock-photo

Tailandda Txam Luang g‘orida ikki hafta qolib ketgan bolalarni qutqarish amaliyoti muvaffaqiyat bilan davom ettirilmoqda. 

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar hozirgacha g‘or og‘zida tiklangan lagerga 6 nafar bolani olib kelishgan, ular zudlik bilan harbiy kasalxonaga olib ketilgan.

Tez fursatda g‘orda qolayotgan yana 6 bola va ularning murabbiyi tashqariga olib chiqilishi kutilmoqda.

Qidiruv va qutqaruv operatsiyalarida Tailand armiyasi va maxsus xizmatlari vakillari, shuningdek AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoy dayver-qutqaruvchilari ishtirok etmoqda.

Ular bolalarni tor yo‘laklarni to‘ldirgan suvlar orqali olib chiqishmoqda. Bolalarning ko‘pchiligi suzishni bilmasligi, qolaversa ular ikki hafta mobaynida kuchsizlangani tufayli qutqaruv amaliyotini boshlash kechiktirilayotgandi. Ammo bugun ota-onalar roziligi bilan amaliyot boshlandi.

Avvaliga hukumat suvga to‘lgan g‘or ichida quduqlar qazib, suvni kamaytirish, bolalarni suv osti qayiqlari orqali tashish va suvni tashqariga chiqarib tashlashga harakat qilgandi, ammo bu variantlar o‘zini oqlamagan. 8 iyul kuni tongida qutqaruv amaliyotining oxirgi bosqichi boshlandi. Bunga yangi musson yomg‘irlari boshlanishi ortidan g‘orda suv sathi ko‘tarilib, bolalar halok bo‘lish yoqasida qolgani sabab bo‘ldi.

Maktab futbol jamoasining o‘quvchilari bo‘lgan 11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 12 bola hamda ularning 25 yoshli murabbiylari 23 iyun kuni yo‘qolib qolgandi. Ikki kundan keyin Tailand armiyasi bolalarni qidirishni boshladi, 2 iyul kuni ularga tegishli narsalar - 11 velosiped va bir mototsikl hamda boshqa buyumlar Tailand shimolidagi g‘orga kiraverishdan topildi. Bolalar 9 kunni g‘or ichida ichimlik suvisiz va oziq-ovqatsiz o‘tkazishdi. Shundan keyin ichkaridagilarga oziq-ovqat hamda kislorodlik ballonlar yetkazib berilishi boshlandi. Bunday amaliyotlar chog‘ida bir g‘avvos halok bo‘ldi, qutqaruv amaliyotiga Tailand harbiy-dengiz kuchlari faxriylari hamda ko‘ngillilar qo‘shilishdi.

Mavzuga oid
Top