12:32 / 12.07.2018
7949

“Hojatbaror” valyutafurushlarga sud hukmi o‘qildi

2018 yilning 24 may kuni Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi G‘ijduvon akademik litseyi binosida jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu sud majlisida tanishlariga “xolis” xizmat qilmoqchi bo‘lgan bir guruh valyutafurushlarga sud hukmi o‘qildi.

Voqea tafsilotlariga ko‘ra, 2018 yilning 17 mart kuni Go‘zal Kamolova (ism-shariflar o‘zgartirildi) yo‘lovchi avtomashinasi ichida tanishi Barotov Ravshanni ko‘rib qolgan. O‘zaro suhbat davomida Go‘zalning bir tanishiga AQSh dollari kerakligini bilgan Ravshan o‘zining “xolis” xizmatini taklif qilgan, ya'ni 80 million so‘m pul evaziga 9.700 AQSh dollari olib berishni va'da qilgan.

Uyiga qaytgach, bu taklifdan shubhalangan Go‘zal tanishi Feruz G‘afurovga ushbu holat haqida gapirib bergan. Feruz unga ushbu valyuta ayirboshlash faoliyati noqonuniy ekanligini aytib, bu faoliyatga chek qo‘yish maqsadida birgalikda Departamentning G‘ijduvon tuman bo‘limiga murojaat qilishlarini taklif qilgan.

Bu holatdan bexabar Ravshan mo‘may daromad ilinjida tanishi Erkin Mahkamovga qo‘ng‘iroq qilib, 80 million so‘m pulga AQSh dollari topib berishni so‘ragan. Erkin ham tekin daromaddan quruq qolishni istamagan holda “zanjir reaksiyasini davom ettirgan” va tanishi Nodir Karimovga telefon qilib 80 million so‘m pulga AQSh dollari sotishni so‘ragan. Narx kelishilganidan so‘ng Ravshan Go‘zalga qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuv joyini va pullarni olib kelishini aytgan.

Oqibatda, 2018 yilning 17 mart kuni soat taxminan 16:00larda Buxoro shahri, Q.Murtazoyev ko‘chasida joylashgan “Paskual” kafesi yonidagi “Aviakassa” binosi ichida fuqarolar Barotov Ravshan, Mahkamov Erkin va Karimov Nodirlar fuqaro G‘afurov Feruzga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 13.03.2018 yildagi kursi bo‘yicha 78.958.582 so‘mga teng bo‘lgan 9.700 AQSh dollarining har bir AQSh dollarini 8247,4 so‘mdan hisoblab, jami 80.000.000 so‘mga ayirboshlab berayotgan vaqtida ushlanib, ulardan jami 9.700 AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Sud sudlanuvchilarning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishlaridan pushaymonliklarini inobatga olgan holda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining maxsus qismi moddasining sanksiyasi doirasida majburiy jamoat ishlari jazosi tayinladi.

Sud hukmi 2018 yil 4 iyun kuni qonuniy kuchga kirgan.

 

Top