21:03 / 18.07.2018
31714

Abdujabbor Abduvohidov: «Chet davlatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbuslari O‘zbekiston manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi»

Foto: Xalqaro Press-klub

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov xorijiy davlatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashabbuslarining barchasi ham mintaqa mamlakatlari manfaatlariga to‘g‘ri kelavermasligini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Mintaqadan birinchi marta xalqaro miqyosdagi tashabbus (BMT Bosh Assemblyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasi nazarda tutilmoqda – Kun) bo‘y ko‘rsatdi. Hozirgi sharoitda bir narsaga e'tibor qaratishimiz lozim: bu hududga yo‘naltirilgan tashabbuslarning ba'zilari mintaqaga bevosita bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin, biroq ularda boshqa davlatlarning manfaatlari aks etadi. Bunday tashabbuslar bizga to‘g‘ri kelmaydi, bizning o‘z manfaatlarimiz va yangi ishonchli muhitimiz bor», - dedi Abduvohidov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida.

Hukumat rasmiysining bildirishicha, O‘zbekiston va uning qo‘shnilari hamkorlikda yangicha ishonch muhitini yaratishdi va bunda prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasidan kelib chiqqan tashabbuslar muhim rol o‘ynadi.

BMT Bosh Assambleyasi 22 iyun kuni «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida»gi rezolyutsiyani qabul qildi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjatni BMTga a'zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Top