19:09 / 21.07.2018
52730

Livan shayxi imom Buxoriyning xokini nega olib ketmoqchi bo‘lgandi?

Foto: KUN.UZ

O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab arab davlatlari neftiga bo‘lgan qiziqish sobiq SSSR rahbariyatining "Musulmon olami bilan do‘stlik" shiorini olg‘a surishiga sabab bo‘ladi va shu asosda arab davlatlari bilan bog‘lanish choralari izlana boshlanadi, deya hikoya qilinadi “Zarafshon” gazetasida.

Dastlabki bosqichda bir darajada sovetlarga xayrixoh Livan davlatiga e'tibor qaratilib, rasmiy doiradagi ishlarga kirishiladi, taklif-u tashriflar boshlanadi. Ilk mehmon 1956 yilda Livanning taniqli siyosat va jamoat arboblaridan biri, parlament deputati, mamlakatdagi yetakchi "Jaridat Tarabul" – "Tarabulis" gazetasi sohibi Shayx Nadim al-Jisr bo‘ladi. Bu muhtaram zot tomoshatalab bo‘lmagan. U Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan maqbarani izlab kelgan.

Kreml rejasiga ko‘ra, shayxni Moskvadagi oliy o‘quv yurtlariga, shuningdek, Kiyev, Yalta, Sochi shaharlariga olib borish mo‘ljallangan. Ammo mehmon takliflarni rad etib, asl maqsadi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish ekanligini aytadi. Rasmiy doiralar tadbirlar qat'iy belgilanganini har qancha uqtirishmasin, mehmon o‘z niyatidan chekinmasligini, aks holda qaytib ketajagini bayon etadi. Qaytib ketish diplomatik aloqalarning barbod bo‘lishi ekanligidan cho‘chigan hukumat rahbarlari martabali mehmonning talabini qondirishga chora axtarishadi.

Zudlik bilan SSSR Fanlar akademiyasidan Imom Buxoriy haqida ma'lumot olinib, Shayx Nadimni O‘zbekistonga olib borish rejalashtiriladi va O‘zbekiston rahbariyatiga bu haqda tezkor topshiriq beriladi.

Toshkentdagilar Imom Buxoriy atalgan shaxs bo‘lsa, buxorolik bo‘ladi-da, gumoni bilan Buxoro viloyati rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, ziyoratgohni shoshilinch tartibga keltirish topshirig‘ini beradi. Buxorodagilar Toshkentga "Qabr Samarqandda ekan", degan xabarni yetkazishadi.

Samarqand rahbariyati oyoqqa turib, qabrni axtarishga tushadi. Qabr Samarqand shahridan taxminan 15-20 kilometr uzoqlikda, Payariq tumanining Xartang qishlog‘ida ekanini bilishgach, borib ko‘rishsa, vayrona va tashlandiq bir joy. Tartibga keltirish bir-ikki kunlik ish emasdi.

Bu holat haqida Samarqand Toshkentga, Toshkent esa Moskvaga xabar qiladi. Tepadagilar har qancha stolni mushtlashmasin, tezlikda epaqaga keltirishning iloji yo‘qligini bilib turar edi. Shuning uchun vaqtni cho‘zish chorasini o‘ylab topishadi. Ya'ni, Moskvadan Toshkentgacha poyezd 4 kunda yetib kelishi hisobiga vaqtdan yutib, ziyoratgohni hozirlash mumkin bo‘ladi.

To‘rt kechayu to‘rt kunduz tik oyoqda qanchalik ishlanmasin, ishning adog‘i yo‘qdek edi. Samarqandning bu xususdagi zoru nolasi Toshkentni cho‘chitadi. Aks holda, Moskvadan qanday "mukofot" tegishi ma'lum edi. Shayx Nadim yana bir kun Toshkentda ziyorat bahonasida ushlab turiladi. Ertasi kuni shayxni tongda Samarqandga samolyotda olib kelishib, shaharni bir kun tomosha qildirishadi. Aytishlaricha, mehmon haqiqatda obidalarga maftun bo‘lgan va Shohi Zindada Hazrat Qusam ibn Abbos qabri tepasida uzoq turib, ko‘zda yoshi bilan Qur'on tilovat qilgan.

Buni qarangki, ziyoratlardan rosa toliqqan mehmon aynan shomdan keyin "Hazrati Imom mozoriga qachon boramiz?", deb so‘rab qoladi. Mezbonlar mamnuniyat bilan fursatni qo‘ldan bermay, zulmatli tunda uni Xartangga olib borib kelishga tutinadilar.

Mashinadan tushar-tushmas Shayx Nadimni qattiq hayajon chulg‘aydi. Qabrgacha qolgan masofani bilgach, mehmon tiz cho‘kib, yerni o‘padi va Hazrati Imom mozori tomonga tizzalab boradi. Qabr qoshiga yetgach, yana yerni o‘padi. So‘ngra ko‘zida yosh bilan tongga qadar Qur'on tilovat qiladi.

Tong otib, kun yorishgach, Shayx Nadim o‘zini nima uchun ataylab tunda olib kelishganlarini anglab, qabr va masjidning xarob ahvolidan ko‘ziga yosh oladi.

Bu voqeani o‘rgangan shoir Xurshid Davronning yozishicha, "Toshkentgacha Shayx Nadim hech kim bilan gaplashmadi. Poytaxtga yetib kelgach, O‘zbekiston rahbari bilan uchrashtirishni iltimos qildi. Xabarlarga ko‘ra, shayx uchrashuvda shunday degan ekan: "Imom Buxoriy xoki turobini olib ketishga ruxsat beringlar, evaziga o‘sha tuproqning og‘irligi qancha bo‘lsa, o‘shanga teng hajmda tilla olib kelishga va'da beraman!".

Shayx Nadimning ketardagi fikru xayolidan begonamiz. Ammo e'tibor haminqadarligicha qolgani bu – haqiqat. Nazarimda, shayx qabr va masjidning xarobaligidan ko‘ra, ma'naviy qashshoqligimizga ko‘proq achinib yig‘lagandek...

Shukurki, har bir davrning, har bir jamiyatning ko‘ngli keng insonlari bor. Ular bilan olam muazzam va mukarram. Hazrat Buxoriy ana shunday zotlar qalbida bardavom yashab kelgan. 1956 yildan keyin 1986 yilda Sudan Bosh vaziri Sodiq Mahdiy, Jahon Islom tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Muhammad Nosir al – Abbudiy, 1987 yilda Malayziya Bosh vaziri Maxatxir Muhammad, Afg‘oniston Diniy ishlar va vaqf vaziri Abduljamil Zarifiy, 1988 yilda Marokash Islom ishlari va vaqf vaziri Abdulkabir al-Alviya al-Mag‘ribiy, Quvayt Islom yodgorliklari markazi direktori Shayx Xessa as-Saboh xonim, 1989 yilda Indoneziya Prezidenti Suxarto kabi aziz mehmonlar ana shular jumlasidandir.

Imom Buxoriy haqida chin ma'noda qayg‘urgan Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bo‘ladilar. Xartang qishlog‘idagi ziyoratgohda dastlab shu zotning tashabbuslari bilan tom ma'nodagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi va 1998 yilda birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Mavzuga oid
Top