13:08 / 02.08.2018
111934

Islom Karimovning yonida suratga tushgan atlas libosdagi qiz - Laylo Usmonova bilan intervyu

Islom Karimovning “Umid” jamg‘armasi grantlarining sovrindorlari bilan uchrashuvi chog‘ida tushgan suratini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. 

Keyinchalik juda mashhur bo‘lib ketgan ushbu tarixiy fotosurat prezident Karimovning 1999 yil aprel oyida Vashingtonga qilgan tashrifi chog‘ida olingan.

Karimov fondi Laylo Usmonova, ya'ni Islom Karimovning yonida suratga tushgan atlas libosdagi qiz bilan bo‘lgan intervyuni e'lon qildi.

Iqtidorli yoshlarni chet elda ta'lim olishida ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Umid” Fondining granti orqali Laylo Chikagodagi Jon Marshall Huquq maktabining magistratura bo‘limini xalqaro tijorat huquqi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.

“Menga elchixonadan qo‘ng‘iroq qilib, prezidentimiz bilan uchrashuvga taklif etishdi. Albatta, men juda xursand edim, nahotki men prezidentimiz bilan uchrashsam, deya bunga hech ham ishonolmasdim. U kishini ko‘rganimizda, aksariyatimizning ko‘zimizda yosh edi. Uchrashuvimiz shu qadar iliq va samimiy ediki, u kishi, bolalarim, deya har birimiz bilan birma-bir suhbatlashdilar”, – deya eslaydi Laylo o‘sha tarixiy uchrashuvni.

O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, Laylo Usmonova Toshkent yuridik institutida xalqaro tijorat huquq bo‘yicha dars berdi. Keyinchalik Toronto shahrida Kanadaning sog‘liqni saqlash vazirligida, Vankuverda soliq huquqi yo‘nalishi bo‘yicha Chigbu & Co law Firm, Ventra Oil Company (Alberta, Kanada), Ronaldson & Kuchler LLC law firm (Chikago) tashkilotlarida ishladi.

Hozirda Laylo o‘zining Thellia Esthetics kompaniyasini yuritib, Toshkentda yashayapti, olti yashar farzandini tarbiyalamoqda.

Ma'lumot uchun: “Umid” jamg‘armasi 1997 yilda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarni chet elda ta'lim olishida ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. 

Jamg‘arma grantlari tufayli 1997 yildan 2002 yilgacha 800dan ortiq o‘zbekistonlik yigit va qizlar AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya va Yaponiyaning yetakchi oliygohlarida ta'lim oldilar.

Top