12:37 / 06.08.2018
69531

Jaloliddin Manguberdi qanday halok bo‘lgan edi?

Tarixni haqqoniy anglash oson ish emas. Moziydan darak beradigan manbalarning qay biri sahih, qay biri yolg‘onligini ajratish ham quduq tubidan ignani topishdek gap. Shu bois ham tarixnavislar o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan voqealar tasviridan so‘ng “Bilim Allohga xosdir” deyishadi. Shunday bo‘lsa-da, tarix labirinti aro haqiqatni tanlay bilan zukko kitobxonning ixtiyorida qoladi.

Bugun yosh avlod uchun qahramonlik timsoli bo‘lgan jasoratli ajdodimiz Jaloliddin Manguberdining o‘limi haqida ham turlicha qarashlar bor. Bu haqda ma'rifatparvar podshoh, falakiyotshunos olim Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida shunday yozadi: “Tarix arboblari sulton Jaloluddin ibn sulton Muhammad Xorazmshohning molu holi haqida qarama-qarshi fikr bildirdilar. Chunonchi, ba'zilarning so‘zicha, mo‘g‘ullar qo‘lida qatl etilgan. Ba'zilarning fikricha, sulton Jaloluddin mo‘g‘ullardan qochib, tog‘lar orasiga kelgan va otda ko‘p yurgani uchun qattiq charchagan, otdan tushib tog‘ orasida uyquga ketgan. Bir guruh odamlar ot va sulton xil'ati ta'masida uyqudagi Jaloluddinni halok qilganlar. Boshqalarning rivoyat qilishlaricha, sulton tasavvuf ahlining libosini kiyib, sayohatni ixtiyor qilgan. Xudo bilguvchiroq!”.

Jaloliddin Manguberdi garchi jangda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada, ma'nan g‘olib bo‘lganini hatto Chingizxon ham tan olgani esa tarixiy haqiqatdir. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek shunday yozadi: “Sultonning barcha fe'lu harakati Chingizxonga manzur bo‘lib, tahsin og‘zini ochib, o‘g‘illariga yuzlandi va dedi:

— Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob — olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oldi!

Bu sultondan ko‘p ishlar va hisobsiz qissalar vujudga keldi va uning ishlaridan har qanday oqil o‘g‘il g‘ofil qolmasligi kerak!

Top