20:18 / 13.08.2018
68241

Samarqand viloyati sobiq hokimi Turob Jo‘rayev daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan​

Foto: KUN.UZ

Senat Kengashi tomonidan «Turob Jo‘rayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida» qaror qabul qilingan. Bu haqida Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha,  O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2018 yil 11 iyuldagi taqdimnomasi asosida shu kuni Senat Kengashi tomonidan «Turob Jo‘rayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida» Qaror qabul qilingan va Bosh prokuraturaga yuborilgan. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida Senat a'zosining vakolatini muddatidan ilgari tugatish asoslari va tartibi belgilangan.

Mazkur Qonunda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Senat a'zosining vakolati muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning 6-moddasiga ko‘ra Senat a'zosi daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Senatning roziligisiz, Senat majlislari oralig‘idagi davrda esa, Senat Kengashining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Moliya vaziri o‘rinbosari, Xalq ta'limi vaziri sifatida ishlagan (2004—2008 yy), keyinroq 2008—2011 yillarda Surxondaryo viloyatida hokim bo‘lgan Turob Jo‘rayev 2011 yilning kuzida uni Qashqadaryo viloyatiga hokim etib tayinlagandi. Oradan ko‘p o‘tmay,  u qattiq tanqid qilinib, ishdan olingan. 

Jo‘rayev to‘rt yillik «katta tanaffus»dan so‘ng, yana rahbarlik lavozimiga qaytarildi. Dastlab, 2017 yilning aprel oyida Turob Jo‘rayev Toshkent viloyatining Bekobod tumaniga, keyinroq, Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan amaldor katta miqdordagi korrupsiyaga aralashib qolganlikda gumon qilinib, ishdan olindi. ​

Top