23:28 / 18.08.2018
8697

Hyundai har bir yo‘lovchiga o‘zi yoqtirgan musiqani tinglash imkonini taqdim qildi

Hyundai avtomobilsozlik kompaniyasi avtomobilning har bir yo‘lovchisiga unga yoqadigan musiqani tinglash imkonini beruvchi audiotizimni taqdim qildi. Bunda quloqchin yoki shunga o‘xshash biror qo‘shimcha moslamani qo‘llashga hojat bo‘lmaydi. 

Yangi ovoz tizimi Separated Sound Zone SSZ deb nomlanib, Hyundai’ning ta'kidlashicha, bu tizim kompaniyaning seriyali avtomobillarida yaqin ikki yil ichida paydo bo‘ladi. 

Tizimda har bir yo‘lovchi uchun “shaxsiy audiohudud” yaratiladi. Avtomobil saloni bo‘ylab o‘rnatilgan ko‘p sondagi dinamiklar har bir muayyan yo‘lovchiga qaratilgan nazorat qilinuvchi akustik maydonlarni hosil qiladi. Bundan tashqari, dinamiklar boshqa yo‘lovchilar uchun tovush chiqarayotgan dinamiklardan taralayotgan tovush to‘lqinlarini fazaviy siljitish, ekranlash va neytrallash funksiyasiga ega. Bunda audiohududdan nafaqat musiqa tinglash, balki telefonda gaplashish uchun foydalanish ham mumkin. 

“Bizning texnologiya yo‘lovchilarni ularga xalaqit beruvchi, biroq haydovchiga zarur bo‘lgan ovozlardan izolyatsiya qila oladi. Navigatsiya tizimi ko‘rsatmalari yoki ogohlantiruvchi xabarlar avtomobilni boshqarishga e'tiborni mujassamlashtirishga, SSZ texnologiyasi esa bu ovozlarni boshqa yo‘lovchilar tovush maydoniga kirmasidan, o‘z shaxsiy tovush maydonida saqlash imkon beradi”, deb aytilgan kompaniya xabarida.

Top