22:45 / 23.08.2018
20342

O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi eng yuqori natijasini qayd etdi

Osiyo o‘yinlari dasturiga binoan 19 avgustdan start olgan taekvondo bo‘yicha bahslar 5 kun davom etib, bugun o‘z nihoyasiga yetdi.

Sportning bu yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalarda 10 nafar atlet O‘zbekiston sharafini himoya qilib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronzani terma jamoa umumiy jamg‘armasiga qo‘shib qo‘yishdi. Shu tariqa, 6 tadan medal qo‘lga kiritilgan taekvondo hamda erkin va yunon-rum kurashi hozircha O‘zbekiston delegatsiyasiga eng ko‘p sovrin olib kelgan sport turlari bo‘lib turibdi.

Ta'kidlash joiz, Jakarta-2018 o‘zbek taekvondochilari uchun eng muvaffaqiyatli o‘tgan Osiyo o‘yinlari sifatida tarixda qoladi. Avvalgi natijalarga qaralsa, o‘zbekistonlik taekvondo ustalari sekin-asta o‘z natijalarini yaxshilab borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin:

Osiyo o‘yinlari Oltin Kumush Bronza Jami
1994     1 1
1998       0
2002     1 1
2006   1   1
2010   1 2 3
2014 1 3   4
2018 1 3 2 6

Shu tariqa, o‘zbekistonlik taekvondochilar ushbu sport turida 6 ta medal bilan Osiyo o‘yinlarining 4-jamoasi bo‘lishdi. Kuchli uchlikni Janubiy Koreya (12 ta medal), Eron (7) va Tailand (4) terma jamoalari band etishdi. Garchi tailandliklarda medallar soni 4 ta bo‘lsa-da, oltin medallar prinsipi bo‘yicha (2 ta oltin va 2 ta bronza) ular kuchli uchlikdan joy olishdi.

Sovrindor sportchilarimizga kelsak, terma jamoaning ilk medalini 20 avgust kuni -67 kg vazn toifasida Nigora Tursunqulova qo‘lga kiritdi. U ilk jangida hongkonglik raqibini katta farq bilan (22-2) mag‘lub etgach, chorak finalda makaolik sportchidan ustun keldi. Final yo‘lida janubiy koreyalik raqibga qarshi dayanga chiqqan Tursunqulova 4:14 hisobida yengildi. Shu tariqa, 19 yoshli Nigora bronza medali bilan taqdirlandi.

Nigora Tursunqulova / Foto: Hasan Pirmuhammedov

Eslatib o‘tamiz, Rio olimpiadasi ishtirokchisi Tursunqulova shu yilning may oyida Vetnamda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida kumush medal sohibi bo‘lgandi. Nigora 2 yil oldingi qit'a birinchiligini bronza medali bilan yakunlagan.

Nigora Tursunqulova (o‘ngda) / Foto: Hasan Pirmuhammedov

Shu kuni erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ham o‘zbekistonlik sportchi medalga sazovor bo‘ldi. -58 kg vazn toifasi vakili Niyoz Po‘latov finalga qadar xitoy taypeyilik, tailandlik va eronlik raqiblarini mag‘lub etib, hal qiluvchi jangda janubiy koreyalik Kim Tayxunga 6:24 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, taekvondoda dastlabki kumush medal qo‘lga kiritildi.

Niyoz Po‘latov / Foto: Hasan Pirmuhammedov

«Men Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdim. Bu men uchun katta sharaf. Bundan tashqari, men kuch sinashgan raqiblar juda kuchli edi, ular orasida jahon chempionlari ham bor edi, shu sabab bahslar oson kechmadi. Yutug‘imni Vatanimga, prezidentimga, ota-onam va meni duo qilib qo‘llab-quvvatlagan barchaga bag‘ishlayman», - dedi Niyoz Po‘latov. Ma'lumot uchun, 19 yoshli sportchimiz may oyidagi Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgandi.

Niyoz Po‘latov (chapda) / Foto: Hasan Pirmuhammedov

21 avgustda ham bir kun oldingiga o‘xshash natijalar qayd etildi. 20 avgustda bo‘lgani kabi bahslarga kirishgan 3 taekvondochimizdan 2 nafarining biri bronza, ikkinchisi kumush medalni qo‘lga kiritdi. +67 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Svetlana Osipova eronlik hamda kambojalik raqibalarini mag‘lub etgach, yarim finalda qozog‘istonlik sportchiga 3:9 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, 18 yoshli Svetlana terma jamoa hisobiga yana bir bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.

Svetlana Osipova
Svetlana Osipova (o‘ngda)

Bundan tashqari, shu kuni Dmitriy Shokin (+80 kg) hindistonlik va iordaniyalik taekvondochilarni yengib, finalga qadar yetib bordi va oltin medal uchun bahsda eronlik atletga qarshi chiqdi. 2:1 hisobida oldinda borayotgan Shokin so‘nggi lahzalarda tashabbusni raqibga berdi va 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi – ikkinchi kumush. Shokin bundan to‘rt yil avval Incheonda o‘tkazilgan o‘yinlarda ham finalda imkoniyatni boy bergandi. O‘shanda u koreyalik taekvondochiga 6:7 hisobida yutqazib qo‘ygan.

Dmitriy Shokin

«Mag‘lub bo‘lish og‘ir, biroq kecha bo‘lgan narsa bu kecha edi. Keyingi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rib, katta yutuqlarga erishishga urinamiz. Umuman olganda, Osiyo o‘yinlaridagi natijalarim yomon emas - 2ta kumush. Lekin, asosiy maqsad - Olimpiya o‘yinlari medali. Bunga ham harakat qilaman», - deya fikr bildirdi Shokin final jangidan bir kun o‘tgach. 

Dmitriy Shokin (chapda)

Ta'kidlash joiz, Dmitriy bahordagi qit'a birinchiligida ham kumush medalga sazovor bo‘lgandi. Rio olimpiadasi ishtirokchisi 2014 va 2016 yilgi Osiyo chempionatlarida chempion bo‘lgan.

Dmitriy Shokin

22 avgust kuni nihoyat oltin medal qo‘lga kiritildi. -80 kg vazn toifasidagi vakilimiz Nikita Rafalovich dastlab Mongoliya va Afg‘oniston terma jamoalari vakillarini yirik hisoblarda taslim etib, yarim finalda iordaniyalik raqibidan ustun keldi. Rafalovich final bahsida janubiy koreyalik taekvondochini 21:18 hisobida mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. 4 yil oldin u eronlik raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlangan edi.

Nikita Rafalovich (o‘rtada) / Foto: Hasan Pirmuhammedov

«Kayfiyatlar juda yaxshi. Bunga uzoq vaqtdan beri harakat qilayotgandim, avvalgi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonishning imkoni bo‘lmagandi. 4 yil davomida tinmay ishladim, o‘ziga yarasha tajriba orttirdim. Osiyo qit'asida taekvondo bo‘yicha 3-o‘rindamiz, Eron va Koreya biroz oldinroqda. Ammo, bu sport turi bo‘yicha rivojlanish katta, yosh, umidli vakillarimiz bor» - dedi chempion Nikita Rafalovich final bahsidan so‘ng.

Quvonarlisi, Nikitaning xalqaro maydondagi natijalari tobora yaxshilanib bormoqda: u Osiyo chempionatlari doirasida 2014 yili bronza, 2016 yil kumush va 2018 yil oltin medallarni qo‘lga kiritgan edi. Bu safargi Osiyo o‘yinlarida oltin olgan Rafalovichning Incheonda kumush bilan cheklangani haqida esa yuqorida aytib o‘tdik. Nikita, shuningdek, ikki yil oldin Rio olimpiadasida ham ishtirok etgan.

Nikita Rafalovich / Foto: Hasan Pirmuhammedov

23 avgustda yana bir kumush medal qo‘lga kiritildi.  -49kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Hongkong, Livan va Yaponiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda esa tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibasiga aylandi. Endigina 17 yoshga kirgan atlet uchun bu yomon ko‘rsatkich emas. Uning faoliyatida o‘sish bo‘lganini quyidagi faktdan ham bilish mumkin: Madinabonu may oyidagi Osiyo chempionatining finali ostonasida janubiy koreyalik raqibiga mag‘lub bo‘lib, bronza medali bilan kifoyalangan edi.

Madinabonu Mannopova

Ta'kidlash joiz, o‘tgan galgi Osiyo o‘yinlarida taekvondo bo‘yicha yagona oltin medal Jasur Boyqo‘ziyevga nasib etgan edi. Incheonda Dmitriy Shokin, Maksim va Nikita Rafalovichlar kumush medal sovrindori bo‘lishgan. O‘shanda ham terma jamoamiz medallar sifati bo‘yicha jadvalda 4-o‘rinni egallagan. 2016 yil Rio de Janeyro mezbonligida o‘tgan yozgi Olimpiadani taekvondochilarimiz medalsiz yakunlashgan edi, demakki, endigi marra aniq - Shokin aytganidek, Olimpiadada sovrindor bo‘lish.

 

Top