19:02 / 27.08.2018
8187

Bojxonachilar “Yasin” televizori qutilariga yashirilgan “LG” televizorlarini fosh etishdi 

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro Yu.X. bojxona to‘lovlaridan qochishning antiqa usulini o‘ylab topdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz’ga.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Post orqali harakatlanayotgan ayrim jismoniy shaxslarning hali nom qozonib ulgurmagan, shu sabab boshqalariga nisbatan biroz arzon hisoblanadigan, bir xil rusumdagi televizorlarni olib o‘tishayotgani post xodimlarini shubhalantirib qo‘ydi.

Shundan so‘ng, televizorlarni ko‘zdan kechirish maqsadida qutisidan ochib ko‘rilganida, butunlay boshqa manzara namoyon bo‘ldi. Qarang-ki, boshqa savdo belgisi tushirilgan qutilarda taniqli brendlar ostidagi butunlay boshqa rusum va o‘lchamdagi qimmatbaho televizorlar yashirilgan ekan.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra qo‘shni davlatdan piyoda ravishda kirib kelayotgan jismoniy shaxslar 300 AQSh dollarigacha bo‘lgan qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishlariga ruxsat etilgan. Ammo, ushbu holatda esa har bir televizorning narxi 3 mln. so‘mni tashkil qilganini inobatga olsak, bu belgilangan normadan ortiqcha ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Surishtiruvlar davomida, shu zaylda olib o‘tishga urinilgan 4 dona televizorlarning barchasi fuqaro Yu.X.ga tegishli bo‘lib chiqdi. U televizorlarni post orqali olib o‘tishga uringan shaxslarni aslida ushbu tovarlarni ma'lum bir haq evaziga tashib berish uchun yollagan ekan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

2018 yilning 1 iyulidan boshlab, belgilangan me'yorlar doirasida qo‘shni davlatlardan maishiy texnika buyumlari, jumladan televizorlarni bojxona to‘lovlarini to‘lamay, 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib o‘tishga ruxsat etiladi.
 

Top