15:00 / 31.08.2018
18677

Osiyo o‘yinlari. Sherali Jo‘rayev O‘zbekistonga kunning ilk medalini taqdim etdi

Foto: Hasan Pirmuhammedov

O‘zbekiston dzyudo jamoasi a'zosi, -100 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Sherali Jo‘rayev Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindoriga aylandi.

U medal uchun Birlashgan Arab Amirliklari vakili Ivan Remarenkoga qarshi gilamga chiqdi va ippon bahosi bilan g‘alaba qozondi.

Sherali Jo‘rayev ilk jangida nepallik raqibidan ustun keldi, ammo u ham chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Lxagvasuren Otgonbatarga yengildi. Shundan so‘ng bronza medal uchun bahslarda ishtirok etgan Jo‘rayev turkmanistonlik Batir Xojamuxamedovni mag‘lub etib, bronza uchun jang qiladigan bo‘ldi.

Uning bronzasi dzyudochilar jamoasining uchinchi medaliga aylandi. Bungacha -60 kg vazn toifasida Diyorbek O‘razboyev oltin, -70 kg vazn toifasida Gulnoza Matniyazova bronza medal olgandi.

Bugungi bahslarda ishtirok etgan o‘zbekistonliklarning yana ikki nafari bronza uchun bahslarda yutqazdi. -78 kg vazn toifasidagi Nodira Yo‘ldosheva bronza medal uchun tailandlik Ikumi Oyedaga qarshi gilamga chiqib, mag‘lub bo‘ldi. -90 kg vazn toifasidagi Shahzodbek Sabirov esa medal uchun bahsda yaponiyalik Baker Mashuga yutqazdi. 

Jamoaning +100 kg vazn toifasidagi vakili Bekmurod Oltiboyev ham bronza uchun bellashadi. Uning raqibi eronlik Javod Mahjud bo‘ladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi bronza medallar soni 20taga yetgan. O‘zbekiston umumiy reytingda 54 medal bilan (15 oltin, 19 kumush va 20 bronza) yettinchi o‘rinda qolmoqda.

Top