23:19 / 05.09.2018
6062

Avtonom suzish qurilmasi ilk bor Atlantika okeanini kechib o‘tdi

Norvegiyaning Offshore Sensing kompaniyasi o‘tgan yildagi muvaffaqiyatsiz urinishdan bir yil o‘tib avtonom suzish vositasi Sailbuoy Met yordamida Atlantika okeanini ilk bor muvaffaqiyatli kechib o‘tdi. Serfing uchun kichik taxtani eslatuvchi, bir nechta batareyalar va yelkanga ega qurilma AQSh dengiz instituti xodimlari tomonidan 2018 yil 7 iyunda Nyufaundlend orolidan (AQSh) suvga tushirilgan va 3 ming kilometr masofani suzib o‘tib, 26 avgustda Irlandiya sohillariga yetib kelgan.

O‘tgan yil boshqa bir Sailbuoy Wave qurilmasi baliqchilar kemasi tomonidan nosoz holda topilmaguncha 2 oy ichida Shimoliy Atlantikada umumiy hisobda 4,5 ming kilometr masofani suzib o‘tgan. Qurilma tekshirilganda uning qoplamasidan tushib qolgan bir nechta bolt qurilmaning avtopilot tizimida qisqa tutashuv keltirib chiqargani va bu qurilma oldiga qo‘yilgan vazifani muvaffaqiyatli bajarishga yo‘q qo‘ymagani aniqlangan.

Bir qarashda ko‘rimsizgina bo‘lgan ushbu qurilma aslida ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan. Qurilma turli dengiz datchiklari va navigatsiya tizimlari bilan jihozlangan, sun'iy yo‘ldosh orqali boshqarilishi mumkin, Iridium sun'iy yo‘ldoshlari tizimi orqali real vaqtda kuzatuv tizimidan foydalanadi. Bundan tashqari, qurilmada ko‘plab ilmiy qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, ular suv sifati tahlilini o‘tkazadi, neft to‘kilgan joyni aniqlaydi, to‘lqinlar balandligini o‘lchaydi, meteorologik va okeanologik ma'lumotlar to‘playdi. Qurilma harakatlanish uchun shamol va yelkandan foydalanadi. Quyosh batareyalari esa bortdagi elektronika ishlashiga javob beradi.

Ta'kidlanishicha, qurilma okeanni kechishi vaqtida turli ob-havo sharoitlariga duch kelgan. Atlantikani avtonom kemalar yordamida kechib o‘tish 2010 yildan beri Microtransat Challenge tanlovi doirasida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha unda 200dan ko‘proq suzish vositasi ishtirok etgan bo‘lsa-da, biroq aynan Sailbuoy buning uddasidan chiqdi.

Top