09:13 / 08.09.2018
8862

Darsliklarni joylarga yetkazish bilan bog‘liq qator muammolar aniqlandi

Foto: KUN.UZ

O‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun qulaylik yaratish maqsadida, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2018-2019 o‘quv yilida 1-11 sinflarga mo‘ljallangan darsliklarning elektron shakllari www.eduportal.uz axborot-ta'lim portaliga joylashtirildi. 

Darslik mualliflari mutaxassislarning fikrlarini bilishi va kelgusida darsliklarni takomillashtirish va yaxshilash maqsadida, ushbu portalda bosqichma-bosqich har bir darslik bo‘yicha sharh berish imkoniyati beriladi.

Shu bilan birga, darsliklarni tayyorlash va joylarga yetkazish bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilganda, bir qator muammolar aniqlangan, jumladan:

1. Darsliklarning nashr etish jarayoni noto‘g‘ri rejalashtirilishi va joylarga yetkazib berish muddatlarining qisqaligi, ularning sifatiga va o‘z vaqtida yetkazilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

2. Mualliflar bilan ishlash va original darsliklarni tayyorlashdagi qiyinchiliklar.

3. Darsliklarni muddatida chop etilmaganligi tufayli, nashriyotlar bilan shartnoma muddatlarining uzaytirilishi.

4. Logistika muammolari.

Shu munosabat bilan, o‘tgan o‘quv yilining boshiga qadar darsliklarning umumiy sonidan 47 foizi yetkazilgan, qolgan qismi esa butun o‘quv yili davomida (may oyiga qadar) yetkazib berilgan.

O‘tgan davr mobaynida xalq ta'limi vazirligining mutaxassislari darsliklarning belgilangan muddatda joylarga, jumladan, chekka hududlarga yetkazib berishni optimallashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ro‘yxatini ishlab chiqdilar. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, muhim yutuqlarga erishildi. Bugungi kunda darsliklarning 94 foizi ta'lim muassasalariga topshirildi. Maktablardagi rejalashtirilgan o‘quvchilar soni va haqiqiy o‘quvchilar sonidagi farq tufayli, hozirgi kunda ba'zi bir darsliklarning maktablardan maktablarga yo‘naltirish ishlari olib borilmoqda.

“Har kuni vazirlik mutaxassislari, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ish olib borishmoqda. Shu munosabat bilan, darsliklarning yetishmasligi holatlari yuzaga kelganda, vaqtincha ularning elektron shaklidan foydalanishingizni so‘raymiz. Shuningdek, ularning elektron shaklidan chop etishingiz ham mumkin”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Top