10:15 / 14.09.2018
35672

Ichki ishlar organlari ba'zi xodimlarining farzandlari OTMga kirish imtihonlarisiz qabul qilinishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan belgilanishicha, ichki ishlar organlarida ofitser, serjant va safdorlar tarkibida xizmat qilib, o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida vafot etgan yoki nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari 2019–2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tavsiyanomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan respublika oliy ta'lim muassasalariga davlat granti asosida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga (ikkinchi va undan keyingi oliy ta'lim hamda magistraturadan tashqari) umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning to‘lov-shartnoma asosida respublika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatida o‘qiyotgan farzandlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shartnomalarni to‘lashga ruxsat etilishi mumkin.

Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida vafot etgan yoki nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlarini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim va oliy harbiy ta'lim muassasalariga qabul qilishni tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda:

xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmatni o‘tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida vafot etgan yoki nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomalar berish tartibini;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning to‘lov-shartnoma asosida respublika oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatida o‘qiyotgan farzandlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shartnomalarni to‘lash tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Top