11:49 / 14.09.2018
19594

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan mamlakatlar ma'lum qilindi

Foto: AFP/Getty Images

2018 yil yanvar-avgust oylari yakunlariga ko‘ra, respublikada tashqi savdo aylanmasi 20,6 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,5%ga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Eksport hajmi 8,6 mlrd AQSh dollarga (o‘sish sur'ati 4,4%) va import hajmi 12,0 mlrd AQSh dollariga (o‘sish sur'ati 31,2%) yetdi. Tashqi savdo saldosi minus 3,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi.

2018 yil yanvar-avgust oylarida respublika tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega davlatlar ketma-ketligi joriy yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Respublikada tashqi savdoni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari bilan ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2018 yil yanvar-avgust oylarida tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6% oshdi va 38,8 %ga yetdi. Boshqa xorijiy davlatlarning respublika tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 2017 yilning yanvar-avgust oylarida 66,8%ni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning ushbu davrida esa tashqi savdo aylanmasi 61,2%ga tushdi.

Top