10:51 / 17.09.2018
49353

OAV: XOQ G‘ofur Rahimovga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimovni tashkilot rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surmaslikka chaqirdi. Bildirilishicha, bu boksning Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolishini tahdid ostida qoldiradi, deb xabar qilmoqda TASS Inside the games portaliga tayangan holda.

Nashrning xabar berishicha, XOQning etika va talablarga muvofiqlik masalalari bo‘yicha direktori Pakerett Jirar Zapelli Rahimovga maktub yo‘llagan. Unda uning nomzodi AIBA prezidenti lavozimiga qo‘yilishi XOQning Tokiodagi Olimpiada-2020 dasturida boksni saqlab qolish bo‘yicha qaroriga ta'sir o‘tkazishi mumkinligi, sababi u jinoyat olami bilan aloqalarda gumonlanishi haqida aytilgan. 

Avvalroq, AQSh Moliya vazirligi xorijiy aktivlar ustidan nazorat qilish bo‘yicha departamenti Rahimovni O‘zbekistonning eng asosiy jinoyatchilaridan biri sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Shuningdek, AQSh Moliya vazirligi Rahimovning AQSh dollarida istalgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga taqiq qo‘yib qo‘ydi. 

AIBA prezidenti saylovlari 3 noyabr kuni tashkilotning Moskvadagi kongressida bo‘lib o‘tadi. Inside the games xabariga ko‘ra, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti, qozog‘istonlik Serik Qo‘naqbayev AIBA rahbarligiga o‘z nomzodini ilgari suradi. AIBA prezidenti saylovlariga ariza bilan chiqishning eng oxirgi muddati - 23 sentabr.

XOQ tashkilot ijro qo‘mitasining noyabr oyidagi yig‘ilishida 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturida boksni saqlab qolish masalasini ko‘rib chiqadi.

XOQ ayni damda AIBA’ga nisbatan surishtiruv o‘tkazmoqda, u fevralda boshlangan. Ushbu qaror XOQning Pxyonchxanda bo‘lib o‘tgan ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilindi. XOQ AIBA’ning boshqaruv, moliya va dopingga qarshi masalalar bo‘yicha hisobotidan qoniqmadi. AIBA sobiq rahbari Ching Kuo Vu iste'foga chiqdi, uning vazifalarini Rahimov bajara boshladi.

Mavzu
XOQ va AIBA urushi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti bo‘lishini istamayapti va boks sportini olimpiada dasturidan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top