01:28 / 18.09.2018
25234

G‘ofur Rahimov AIBA a'zolarini saylov oldidan OAVdagi gap-so‘zlarga e'tibor qaratmaslikka chaqirdi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan, uning nomzodi tashkilot rahbarligiga saylansa boks sport turining Olimpiada o‘yinlari dasturidan chiqarib tashlanishi mumkinligi haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.

AIBA a'zolariga murojaat qilar ekan, G‘ofur Rahimov ularni bunday gap-so‘zlarga ishonmaslikka chaqirgan. Bayonot AIBAning rasmiy saytida e'lon qilingan.

Yakshanba kuni Inside the games portali Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ning etika va talablarga muvofiqlik masalalari bo‘yicha direktori Pakeret Jirara Zapelli G‘ofur Rahimov nomiga xat jo‘natgani, unda u G‘.Rahimovni AIBA prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surishdan qaytargani, bu 2020 yilda Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiada dasturida boksning saqlanib qolishi borasida XOQ qaroriga ta'sir o‘tkazishi mumkinligi yozilgani haqida xabar e'lon qildi.

«Meni AIBA yetakchisi sifatida saylashgach, sportimiz avvalgi rahbariyat tomonidan hosil qilingan qiyinchiliklarni yengib o‘tishi uchun men boks hamda barchamizning ravnaqimiz uchun ko‘p ter to‘kmoqdaman. Mening kunlarim ham, tunlarim ham barchamiz faxrlanadigan, shaffof va demokratik bo‘ladigan, Olimpiya harakati va toza sport qadriyatlariga javob beradigan AIBAni yaratishga bag‘ishlanmoqda. Yaqin kunlarda tashkilot Direktorlar kengashining barcha lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi, hozirning o‘zidayoq ma'muriyat ushbu jarayon uchun aniq tavsiyalar taklif etish bo‘yicha yaxshi ishlarni amalga oshirdi. Bu bizning sportimiz uchun juda muhim, chunki biz tariximizda ilk marta samarali boshqaruv prinsiplari va shaffoflik uchun javob berishnigina emas, ularga rioya qilinishni ham ta'minlamoqdamiz», — deb bayonot bergan Rahimov.

«Oldimizda turgan saylovlarda AIBA qoidalari nihoyatda tushunarli: saylov komissiyasi talablariga javob beradigan rasmiy nomzodlar ro‘yxati kongressga bir oy qolganda — 3 oktabr kuni e'lon qilinishi kerak (AIBA prezidenti saylovi 3 noyabr kuni tashkilotning Moskvada tashkillashtiriladigan kongressida bo‘lib o‘tadi). Men AIBA’dagilarning barchasidan, tashkilot bilan bog‘liq barchadan bizning qoidalarimizni hurmat qilishlari, rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning ilgari surilishini sharhlashdan avval aytib o‘tilgan sanani kutishlarini so‘rab qolaman. Kelinglar, bizning demokratik jarayonimizga turli mish-mishlar xalaqit berishi va ta'sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaylik», — degan AIBA prezidenti v.b.

«Aminmanki, AIBA’ga a'zo assotsiatsiyalar elektron xatlar va turli sportga oid saytlarda tarqatilayotgan mish-mishlar ta'siriga tushib qolishmaydi. Barchamiz o‘z tanlovimizni butun dunyoda boks kelajagi uchun nimalar yaxshi bo‘lishi uchun biz va faqat biz qayg‘urishimizni yodda tutishimiz muhimligidan kelib chiqib qabul qilamiz. Hech kim AIBA a'zolariga kim uchun ovoz berish yoki kimga ovoz bermaslikni ko‘rsata olmasligi kerak, shu sababli men sizlarning ko‘pchiliklaringizdan olganim — qo‘llab-quvvatlash so‘zlari bitilgan xatlarni juda yuksak qadrlayman. 20 yildan ortiq vaqt ichida AIBA mening hayotim bo‘ldi, men sport turimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ya olmayman va qo‘ymayman, men doim boksni birinchi o‘ringa qo‘yib kelganman va kelgusida ham shunday qilaman», — deya o‘z so‘zlarini yakunlagan G‘ofur Rahimov.

XOQ boksning 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolish-qolmaslik masalasini tashkilotning noyabrda bo‘lib o‘tadigan ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida muhokama etadi.

Ayni paytda XOQ AIBAga nisbatan fevral oyida boshlangan surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda, mazkur qarorga Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida bo‘lib o‘tgan XOQ ijroqo‘mi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra kelingan.

XOQni AIBAning boshqaruv, moliya va antidoping masalalari bo‘yicha hisoboti qoniqtirmagan. So‘ngra AIBAning sobiq rahbari Ching Kuo Vu iste'foga chiqarilgan, uning vazifasini Rahimov bajarishga kirishgan.

Mavzu
XOQ va AIBA urushi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti bo‘lishini istamayapti va boks sportini olimpiada dasturidan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top