21:30 / 23.09.2018
6038

Braziliya qahva plantatsiyalarida majburiy mehnat qilayotgan ishchilarning 18 nafari qullikdan qutuldi

Braziliya Mehnat vazirligining tergovchilari Minas Gerais shtati Piumhi shahridagi Cureggo das Almas​ fermasida reyd o‘tkazib, fermaning qahva plantatsiyalarida qullik sharoitida ishlaydigan 18 nafar ishchini og‘ir vaziyatdan qutqarishdi.

Mongabay nashriga ko‘ra, Cureggo das Almas​ fermasi mashhur qahvaxonalar tarmog‘i bo‘lmish Starbaks tomonidan sertifikatlangan hamda yetishtirilgan qahvalar ham aynan Starbaks​ga yetkazib beriladi. Ayni ziddiyatli vaziyatdan so‘ng, tarmoq rahbariyati taqdim etilgan sertifikat va tuzilgan shartnomani huquqiy jihatdan yo‘qqa chiqarish haqida bosh qotirmoqda.

Fermadagi voqea yuzasidan Braziliya Adliya vazirligi ham tekshiruv boshlaganidan so‘ng, Niderlandiyaning UTZ qahva sanoati bo‘yicha maxsus ekspertlik guruhi mutasaddilari fermaning nomiga berilgan mukofotni bekor qilishini aytdi.

O‘zbekistonda ham paxta terim mavsumi boshlanishi bilan, so‘nggi bir hafta ichida majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga fuqarolardan 110 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda mazkur murojaatlar Davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Top