15:28 / 24.09.2018
7511

Mutaxassislar innovatsion texnologiyalar asosida tayyorlanmoqda

Prezidentimiz tomonidan joriy yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilgani mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi ahamiyatli qadam bo‘ldi. Zero, global rivojlanish o‘ta jadal sur'at kasb etayotgan bugungi kunda ilm-fan va iqtisodiyotning integratsiyalashuvini ta'minlamay turib, fan-texnikaning ilg‘or yutuqlarini hayotga tezkorlik bilan tatbiq etmay turib davr bilan hamqadam rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Jumladan, mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida ham innovatsion texnologiyalarsiz zamondan ortda qolinishi muqarrar.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi tashkilotlarda haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish jarayonlarida fan-texnikaning bu yo‘nalishdagi eng so‘nggi yutuqlarini tatbiq etishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Foto: Vatanparvar

Bugungi kunda viloyat kengashi tasarrufidagi Namangan avtomobil maktabi, viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi, shahar va tuman kengashlari qoshida 11 ta o‘quv sport-texnika klubi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, malakali harbiy mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha izchil faoliyat ko‘rsatmoqda. Kengashning yuzdan ziyod boshlang‘ich tashkiloti o‘z  atrofiga o‘n yetti yarim mingga yaqin a'zoni  birlashtirgan.

Namangan avtomobil maktabida Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida Qurolli Kuchlarimiz uchun ikki bosqichda “VS” toifali haydovchi, oshpaz, haydovchi-zapravkachi, chavandoz mutaxassisliklari buyicha chaqiriluvchilar tayyorlanadi.

Haydovchilarning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun maktabda keng imkoniyatlar yaratilgan. Texnik jihatdan yo‘lga chiqishga taxt qilib qo‘yilgan o‘ttizdan ziyod transport vositalari o‘quvchilarning haydovchilik mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda.O‘quv-amaliyot xonalari, avtotrenajyor, avtolaboratoriya ularning amaliy va nazariy bilimlarini uyg‘un holda o‘zlashtirib borishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Foto: Vatanparvar

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 408-sonli qarori mazkur muassasada bu borada izchil olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

O‘tgan davr mobaynida tashkilotning barcha o‘quv va sport muassasalarida moddiy-texnika va o‘quv metodik bazani modernizatsiyalashtirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Barcha tumanlarda tashkilot tasarrufidagi binolarni ta'mirlash, yangilarini qurish va o‘quv xonalarini zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot jihozlari, texnik vositalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Foto: Vatanparvar

Jumladan, tizimdagi avtomobil maktabi, viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi va 11 ta o‘quv sport texnika klublari interaktiv doska hamda 95 ta markerli o‘quv doskasi,205 ga yaqin so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmasi, 60 ta videoproyektor, “Neksiya” avtomobilining harakatlanadigan elektrlashtirilgan  qirqimli maketlari, avtotrenajyor, svetofor maketlari, avtomobillar ehtiyot qismlarining qirqimli detallari, elektrlashtirilgan o‘quv plakatlari, yo‘l belgilari jamlanmasi va boshqa innovatsion o‘quv qurollari bilan ta'minlandi. O‘quv xonalaridagi eski mebellar  o‘quvchilarga mo‘ljallangan qulay, zamonaviy stol-stullar, qattiq va yumshoq mebellarga almashtirildi.Tizimda jami 157 ta o‘quv, imtihon va texnik xizmat ko‘rsatish xonalari mavjud bo‘lib, shundan 111 tasiga o‘rnatilgan audio-videokuzatuv moslamalari nazariy mashg‘ulotlar va imtihonlar shaffofligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Xuddi shunday zamonaviy bino-inshooti Norin tumani o‘quv sport-texnika klubiga ham qurib berildi. Shuningdek, Uchqo‘rg‘on tuman o‘quv sport-texnika klubi uchun yangi o‘quv binosi qurib berilgani sohaga qaratilayotgan katta e'tiborning alohida bir ifodasidir. Ikki qavatli binoda yuqorida aytib o‘tilgan innovatsion o‘quv texnologiyalari bilan jihozlangan 8 o‘quv xonasi, zamonaviy avtotrenajyor va yakuniy imtihon olish xonalari mavjud. Har bir o‘quv xonasida 25 nafar o‘quvchining haydovchilik kasbi bo‘yicha bilim olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Foto: Vatanparvar

Jumladan, barcha tizim tashkilotlarida sinfxonalari kompyuter, videopleyer, televizor, “SmartboardM-600” rusumli interaktiv animatsion doska kabi zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari bilan ta'minlangan.

Foto: Vatanparvar

Mavjud sinf xonalarning “Neksiya” avtomobilining elektrlashtirilgan qirqimli maketi, yengil va yuk avtomobillarining ishchi mexanizmlari, svetofor hamda  shahar maketlari, avtomobil qismlari ko‘rgazmasi, yo‘l harakati xavfsizligi belgilari singari o‘quv-amaliy ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlangani o‘quvchilarning nazariy bilimini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir o‘quvchi haydovchilik mahorati bo‘yicha olgan sabog‘ini avtotrenajyor mashg‘ulotlarida mustahkamlaydi.

Foto: Vatanparvar

2018 yilda viloyat kengashi tasarrufidagi tashkilotlarning avtomobil saroyini yangi transport vositalari bilan to‘ldirish borasida 17 ta yengil avtomobil sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida 10 ta “Matiz”, 7 ta “Neksiya-3” avtomobillari sotib olinib, ulardan o‘quv mashg‘ulotlari jarayonida foydalanilmokda.

Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar
Foto: Vatanparvar

Ahmadjon ALAXODJAYeV.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi

Top