13:54 / 26.09.2018
7345

​Sifati kafolatlanmagan mahsulotlar iste'molchiga zarurmi?

Jismoniy shaxslar tijorat maqsadida tovarlarni chet eldan bojxona postlari orqali olib kirmoqchi bo‘lsa, buning qanday salbiy oqibatlari mavjud? Masalan, jismoniy shaxslar chegara orqali sovutgich yoki konditsionerlarni imtiyozli norma bilan, keyinchalik tijorat maqsadida respublikaga olib kirishi so‘nggi paytda ko‘p kuzatilmoqda. Bu jarayon qanday yuz berayotgani haqida Bojxona ekspertizasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdug‘aniyev Kun.uz'ga ma'lumot berdi. 

«Birinchidan, ushbu sovutgich​ va konditsionerlar xavfsizligini kafolatlovchi muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmaydi, demak respublikaga sifati kafolatlanmagan tovar olib kirilishi ehtimoli yuqori. Bu esa xaridor, ya'ni oxirgi iste'molchini xavfsiz bo‘lmagan tovarga egalik qilishiga sabab bo‘ladi.

Ikkinchidan, shu holatdan kelib chiqib, sovutgich​ yoki konditsioner qisqa vaqt ichida nosoz holga keldi deylik, uni hech kim bepul va kafolatli ta'mirlab bermaydi, shuningdek mazkur jihoz rasmiy ustaxonalarda ham ta'mirlab berilmaydi.

Uchinchidan, sovutgich​ va konditsionerlar ozon yemiruvchi moddalar, ya'ni freonlar yordamida ishlaydi, hukumat qarorlari bilan ko‘p turdagi freonlarni respublikaga olib kirish taqiqlangan. Bu norma Xalqaro Monreal protokoli va Vena konvensiyasi asosida qabul qilingan. Bunga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni olgan, savolingizda nazarda tutilgan holda, mazkur tovarlarni respublikaga kirib kelishi, O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarmasligiga, eng yomoni esa yer kurrasini himoyalovchi ozon qatlamini buzuvchi moddalarni respublikaga norasmiy kirib kelishiga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, mamlakatimizdagi shu turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar hamda respublikamizga barcha bojxona bojlarini to‘lab, tegishli tekshiruvlarni amalga oshirgandan so‘ng olib kirilib sotilayotgan tovarlarni raqobatbardoshligiga putur yetkazadi, ya'ni bozorlarda nosog‘lom savdo muhiti hosil bo‘ladi»​, deydi Abdug‘aniyev.

Bojxona ekspertizasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Abdug‘aniyev

Endi ikkinchi misol, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘raylik.

Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy ko‘rsatkichlardan biri mahsulotning xavfsizligi va bezararligi hisoblanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati esa ularning iste'mol xossalarini belgilab berishi va uning odamlar hayoti va sog‘ligi uchun xavfsizligini ta'minlashi zarur.

«Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi deganda, mahsulotlarining sanitariya, veterinariya, fitosanitariya normalari va qoidalariga mosligi tushuniladi. Har bir oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan va talab etiladigan saqlash va tashish me'yorlari mavjud. Masalan, tez buziladigan va sovutgichlarda saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlariga go‘sht va go‘sht mahsulotlari (kolbasa, konserva), sut va sut mahsulotlari (yogurt, pishloq, sariyog‘), baliq, tuxum, qandolat va hokazo mahsulotlarini kiritishimiz mumkin», deya fikr bildirgan DBQ vakili. 
Ushbu mahsulotlarni tashishda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etish juda muhimdir. Chunki mazkur oziq-ovqat mahsulotlari yuqori haroratda saqlanganda yoki tashilganda ularning tarkibida mikroorganizmlarning rivojlanishi ko‘payadi va inson salomatligiga xavflilik darajasi ortadi.

Ayrim oziq ovqat mahsulotlarini saqlash harorati

Hozirgi havo harorati 24 dan 28 0S gacha bo‘lgan paytda, shokoladlar erib, ko‘rinishi juda xunuk holatga keladi, ta'mi o‘zgaradi va bakteriyalarni yashashi va ko‘payishi uchun qulay bo‘lgan, ammo inson iste'moli uchun mahsulotning saqlashdagi xavfli harorat rejim shu diapazondagi yoki undan yuqori harorat hisoblanadi.

Saqlash qoidalariga amal qilmasdan tashilgan oziq-ovqat mahsulotlari iste'mol qilinganda fuqarolar o‘rtasida o‘tkir yuqumli oshqozon ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lib, ularni iste'mol qilish inson hayoti va sog‘ligi uchun xavfli hisoblanadi.

Qolaversa oziq ovqat –mahsulotlari xavfsizlik ko‘rsatgichlari bo‘yicha laboratoriya sinovlari va tekshiruvlaridan o‘tishi va muvofiqlik, sanitariya-epidemiologiya ​sertifikatlari bilan ta'minlangan bo‘lishi shart.

Bojxona ekspertizasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi laboratoriyasi

Afsuski oxirgi paytlarda, chegara o‘tkazish punktlari orqali jismoniy shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z ehtiyoji uchun normasi sifatida ma'lum qilib, keyinchalik esa respublikamizning ichki hududlarida sotish holatlari uchramoqda. Masalan, agar jismoniy shaxs bolalar bo‘tqasi ya'ni kasha oziq-ovqat mahsulotini o‘z ehtiyoji uchun, farzandiga olib kirayotgan bo‘lsa, uni ehtiyotini qiladi, agar tijorat maqsadida olib kirmoqchi bo‘lsa-chi?

Birinchidan, ushbu tijorat miqdorini ehtiyotini qilish imkoniyati bo‘lmaydi, bu nima degani, har qanday oziq-ovqat mahsulotida saqlash va tashish sharoti belgilangan, jumladan kashalarning qutilarida tovarni saqlash va tashish sharoiti 5-20oS harorat etib ko‘rsatilgan. Hozirgi sharoitda harorat 22-26oS kam emas, kashalarni shu sharoitda sumkaga solib, ularni qutilarini qiyshayib buzilish holatida olib kirilishi va so‘ngra uni farzandlarimiz jajji chaqaloqlarni iste'mol qilishi qanday salbiy oqibatga olib kelishini o‘ylashning o‘zi kishini junbushga keltiradi.

Ikkinchidan, ushbu tovarlar notijorat maqsadida olib kirilyapti, deb qaralganligi sababli, tibbiy biologik hamda muvofiqlik bo‘yicha talablarga ham javob berishi yuzasidan tekshirilmaydi, bu holatda ham yuqoridagi salbiy holat bo‘lishi ehtimoli katta.

Uchinchidan, ushbu kashalar kim tomonidan, qanday sharoitlarda tayyorlanganligi, ularni qalbakilashtirilmaganligi kafolatlanmaydi, shuningdek eng asosiysi ushbu tovarlar sifati bo‘yicha so‘rash mumkin bo‘lgan mas'ul odamni o‘zi yo‘q, chunki “tashimachi”ning bunday narsalarga aqli yetishiga ishonch yo‘q.

To‘rtinchidan, mamlakatimizdagi shu turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar hamda respublikamizga barcha bojxona bojlarini to‘lab, tegishli tekshiruvlarni amalga oshirgandan so‘ng olib kirilib sotilayotgan tovarlarni raqobatbardoshligiga putur yetkazadi, ya'ni bozorlarda nosog‘lom savdo muhiti hosil bo‘ladi.

Top